19:04 / 17.06.2016
12429

UzReport TV bilan hamkorlikda Yevro-2016 o‘yinlari O‘zbekistonning barcha hududiy telekanallarida retranslyatsiya qilinadi

Futbol bo‘yicha Yevropa chempionatiga (Yevro-2016) O‘zbekistondagi keng audiyatoriyaning katta qiziqishini inobatga olgan holda UzReport TV telekanali mazkur musobaqani eksklyuziv translyatsiya qilish huquqini qo‘lga kiritdi va hozirda Yevro-2016 bahslari to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish qilinmoqda.

Ko‘plab futbol muxlislarining talab va istaklarini inobatga olgan holda, UzReport TV telekanali Yevro-2016 o‘yinlarini 17 iyundan boshlab O‘zbekistondagi hududiy telekanallarda retranslyatsiya qilish bo‘yicha O‘EOAVMA bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.

Shu tariqa Yevro-2016 o‘yinlarini endi quyidagi hududiy telekanallar orqali tomosha qilish mumkin bo‘ladi: «Muloqot TV» (Qo‘qon), «Ruxsor TV», «Marg‘ilon TV» (Marg‘ilon), «Jizzax TV» (Jizzax), STV (Samarqand), «Istiqlol TV» (Buxoro), «Nasaf TV» (Qarshi), «Ishonch TV» (Termiz), «Ellikqal'a TV» (Qoraqalpog‘iston).

Bu holat viloyatlardagi muxlislar uchun Yevro-2016 bahslarini nafaqat sun'iy yo‘ldosh orqali yoki IPTV xizmatidan foydalangan holda, balki mahalliy telekanallar orqali ham tomosha qilish imkoniyatini taqdim qiladi.

O‘zaro kelishuvga ko‘ra hududiy telekanallar har kuni soat 23:45da boshlanadigan o‘yinlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri retranslyatsiya qiladi. Soat 20:45da boshlanadigan uchrashuvlar esa tungi soat 01:45da yozib olingan holda namoyish qilinadi.

UzReport TV telekanali Yevro-2016 turniridan 58ta o‘yinni translyatsiya qilish huquqini sotib olgan. Bunda 45 ta o‘yin to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiyada, guruh o‘yinlarining bir vaqtning o‘zida bo‘lib o‘tadigan 6ta uchrashuvi yozib olingan holda, guruh bosqichidan keyingi 7ta o‘yini (chorak finallar, yarim finallar va final) qo‘shimcha takrorlari bilan ko‘rsatiladi.

Ayni paytda telekanalni O‘zbekiston kabel televideniyesi (O‘KT), “UzDigital TV”, “Stars TV”, “IPTV”, “Vodiy Sadosi Yoshlar teleradiokompaniyasi” (YoTRK) abonentlari hamda www.mediabay.tv  internet-resursi foydalanuvchilari ko‘rishlari mumkin.

2015 yilning 1 dekabridan boshlab telekanal sun'iy yo‘ldosh orqali namoyish qilina boshlandi va uni sun'iy yo‘ldosh antennalari egalari ham O‘zbekiston hududida, ham Yevroosiyoning boshqa mamlakatlari hududida ko‘rishlari mumkin.

UzReport TV telekanali signalini qabul qilish uchun texnik ko‘rsatkichlar

Sun'iy yo‘ldosh — «Yamal 401», Ku diapazonining 90 daraja shimoliy nuri;
Qabul chastotasi — 11,505705 GGts;
Simvol tezligi — SR = 2280 ksps;
Modulyatsiya — DVB-S QPSK 1/2;
Qabul polyarizatsiyasi — vertikal;
Ajrata olish o‘lchami — standart (720 x 576i);
Kompressiya — MPEG-4;
Tavsiya qilingan antenna diametri — 100 santimetrdan ortiq.

Top