Jamiyat | 18:38 / 18.06.2016
27322
12 daqiqa o‘qiladi

Bo‘l(!) va bo‘lma!

1-Ramazon oyi tufayli Rayyon eshigidan kiruvchilardan bo‘l! 
Sahl raziyallohu anhudan rivoya qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi va sallam marhamat qilib dedilar: “Jannatda Rayyon deb ataluvchi bir eshik borki, qiyomat kunida undan ro‘zadorlar kiradilar. U eshikdan ulardan boshqa hech kim kirmaydi. “Ro‘zadorlar qani?”, deb nido qilinadi. Shunda ular (mazkur eshikdan jannatga kirish uchun) o‘rnilaridan turadilar. U eshikdan ulardan boshqa hech kim kirmagay. (Ro‘zadorlar o‘sha eshikdan) kirib bo‘lgach, u yopiladi va ortiq undan hech kim kirmaydi” (Imom Buxoriy rivoyati).
 
2-Ramazonda avvalgi barcha gunohlari kechiriluvchilardan bo‘l! 
Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi va sallam marhamat qilib, dedilar: “Kimki, Ramazon (ro‘zasi)ni (farzligiga) iymon keltirgani uchun va savob umid qilib, tutadigan bo‘lsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi. Kimki, Qadr kechasini (fazilatiga) iymon keltirib va savob umidida (ibodat bilan) qoim qiladigan bo‘lsa, uning o‘tgan gunohlari kechirilur” (Imom Buxoriy rivoyati).
 
3-Uning haqqiga Alloh va farishtalari salovot aytadigan kishilardan bo‘l! 
Abu Said al-Xudriy raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qilib, dedilar: “Saharlikni yeyish barakadir, shunday ekan, hech bo‘lmasa bir qultum suv ichib bo‘lsa ham (saharlik qiling) uni tark etmang. Zero, Alloh azza va jalla va Uning maloikalari saharlik qiluvchilarga salovotlar ayturlar” (Imom Ahmad va Ibn Hibbon rivoyati).
 
4-yil bo‘yi ro‘za tutuvchilardan qatoridan bo‘l! 
Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shunday deyotganlarini eshitdim: “Sabr oyi (ya'ni ramazon) hamda har oydan uch kun ro‘za tutmoq umrbod ro‘zadir” (Ibn Asokir rivoyati). 
Abu Ayyub Ansoriy raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Kimki, Ramazon (ro‘zasi)ni tutib, so‘ngra shavvol (oyi)dan olti kunni unga ergashtirsa (ya'ni ramazondan so‘ng shavvol oyidan olti kun nafl ro‘za tutsa), bu umrbod ro‘za kabi bo‘ladi” (Imom Ahmad, Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Ibn Moja, Imom Abu Dovud va Imom Nasoiy rivoyatlari). 
Hadisi sharifda kelgan “umrbod ro‘za” degan so‘z ulamolar tomonidan yil bo‘yi ro‘za tutish degan ma'noda talqin qilingan.
 
5-Ro‘zasining ajru savoblari qat-qat orttirib beriladiganlardan bo‘l! 
Zayd ibn Xolid al-Juhaniy raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “kimki, ro‘zadorga iftor qilib bersa, u kishiga o‘sha (iftorlik qildirilgan ro‘zador)ning ajridek ajr qo‘shimcha qilib berilur, lekin haligi ro‘zadorning ajri kamaytirilmas” (Imom Termiziy, Ibn Moja va Ibn Hibbon rivoyatlari).
 
6-Tengsiz ishni amalga oshiruvchilardan bo‘l! 
Abu Umoma al-Bohiliy raziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, u kishi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan “qaysi amal eng afzal?”, deb so‘radi. Shunda Ul zot: “Ro‘za tut! Zero, uning tengi yo‘qdir!”, dedilar. (Imom Ahmad, Nasoiy va Bayhaqiy rivoyatlari).
 
7-Bir marta emas, ikki marta bayram qiluvchilardan bo‘l! 
Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Alloh taolo dedi: “Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za bundan mustasno. Zero, u Men uchun va uning mukofotini ham O‘zim beraman. Ro‘za (do‘zax olovidan) qalqondir. Qachonki, biringizning ro‘za tutadigan kuni bo‘lsa, yomon so‘zlarni gapirmasin, baqir-chaqir qilmasin. Agar birov uni so‘ksa yoki urushsa “men ro‘zadorman!”, desin. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, ro‘zadorning og‘zidan keladigan o‘zgargan (noxush) hid Alloh huzurida miskning hididan-da xushbo‘yroqdir. Ro‘zadorning uning-la xursand bo‘ladigan ikki shodligi bordir: og‘iz ochganda xursand bo‘ladi va Rabbisiga yo‘liqqanda (dunyoda tutgan) ro‘zasi tufayli xursand bo‘ladi” (Imom Ahmad va Imom Muslim rivoyatlari).
 
8-Aslo tashna bo‘lmaydigan kishilardan bo‘l! 
Sahl ibn Sa'd raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi va sallam marhamat qilib dedilar: “Ro‘zadorlar uchun jannatda bir eshik bo‘lib, uning nomi Rayyondir. U eshikdan ulardan boshqa hech kim kirmaydi. Oxirgilari kirib bo‘lgandan so‘ng, yopiladi. U eshikdan kirgan odam borki, albatta suv ichadi. Kimki, undan ichsa keyin abadu-l-abad chanqamaydi” (Imom Buxoriy va Nasoiy rivoyati).
 
9-O‘ziga do‘zaxdan to‘siq beriluvchi bandalardan bo‘l! 
Abu Hurayra raziyallohu anhu orqali Nabiy sollallohu alayhi va sallamning shunday deganlari rivoyat qilinadi: “ro‘za qalqondir va do‘zaxdan himoya qiluvchi mustahkam qo‘rg‘ondir” (Imom Ahmad rivoyati).
 
10-Nubuvvat xislatlari bilan xulqlanuvchilardan bo‘l! 
Abu Dardo raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “uch narsa nubuvvat xislatlaridandir: iftorni erta qilish (ya'ni vaqti kirishi bilan kechiktirmay og‘iz ochish), saharlikni kechroq qilish (ya'ni uni tunning oxirgi vaqtlarigacha surish) va namozda o‘ng qo‘lni chap qo‘l ustiga qo‘yish” (Tabaroniy rivoyati).
 
11-Mukofotini Allohdan boshqa hech kim bilmaydigan amal sohiblaridan bo‘l! 
Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: ““Alloh taolo dedi: “Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za bundan mustasno. Zero, u Men uchun va uning mukofotini ham O‘zim beraman” (Imom Ahmad va Imom Muslim rivoyatlari).
 
12-Do‘zaxdan ozod bo‘lishdan va mustajob duodan mahrum qilinganlardan bo‘lma! 
Abu Hurayra yoki Abu Said al-Xudriydan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “(Ramazonning) har kuni va har kechasida Allohning do‘zaxdan ozod etilgan qullari bo‘lur va ulardan (ro‘za tutuvchilardan) har bandaning mustajob bo‘luvchi bir duosi bo‘lur” (Imom Ahmad rivoyati).
 
13-Gunohlarni o‘chiruvchi narsalarni tark qiluvchilardan bo‘lma! 
Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday der edilar: “Agar kabira gunohlardan saqlanilsa, besh vaqt namoz, juma (namozi) o‘zidan keyingi juma (namozi)gacha, ramazon (ro‘zasi) o‘zidan keyingi ramazon (ro‘zasi)gacha oradagi gunohlarga kafforatdir” (Imom Muslim rivoyati).
 
14-Alloh O‘z rahmatidan uzoqlashtirib, do‘zaxga kirituvchi bandalaridan bo‘lma! 
Jobir ibn Samura raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “(Bir kuni) Nabiy sollallohu alayhi va sallam minbarga chiqdilar va “omin, omin, omin”, dedilar. So‘ng: “(hozirgina) mening huzurimga Jabroil alayhissalom keldi va: “ey Muhammad, kim ota-onasidan birlariga tirik hollarida yetishganu so‘ngra o‘lgan va do‘zaxga kirgan bo‘lsa, Alloh uni uzoq qilsin (la'natlasin!), omin, deng!”, dedi. Men: “omin”, dedim. Jabroil yana: “ey Muhammad, kim ramazonga yetishsayu, so‘ngra o‘lsa va (ramazon tufayli) gunohlari kechirilmasa va do‘zaxga kirgazilsa, Alloh uni uzoq qilsin (la'natlasin!), omin, deng!”, dedi. Men: “omin”, dedim”. U: “(ey Muhammad), kimki, huzurida zikr qilinganingizda Sizga salovot aytmasa, keyin o‘lsa va do‘zaxga kirsa, Alloh uni uzoq qilsin (la'natlasin!), omin, deng!”, dedi. Men: “omin”, dedim” (Tabroniy rivoyati).
 
15-Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan birga haj qilishdan mahrum bo‘lganlardan bo‘lma! 
Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Ummu Sinon ismli ansoriyya ayol Nabiy alayhissalom bilan haj qilolmaganda Ul zot sollalllohu alayhi va sallam haligi ayolni ramazonda umra qilishga chorlab: “Ramazonda qilingan umra hajga teng”, bir rivoyatda: “Men bilan birga ado qilingan hajga teng”, deganlar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari). 
Demak, ramazon oyida ado etiladigan umraning fazilati o‘zgacha bo‘ladi. U ajru savobda haj amaliga teng bo‘ladi. Zero, bu oy ezguliklar oyi, barakotlar oyidir. Shunday ekan unda bajarilgan harqanday ezgu amalning ajru savobi o‘zgacha bo‘ladi. Bu oyda qilingan umra esa savobda hajga tenglashadi. Ammo, bu bilan farz bo‘lgan haj bo‘yindan soqit bo‘lib qolmaydi.
 
16- Barakadan mahrum bo‘luvchilardan bo‘lma! 
Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “saharlik qiling, zero saharlikda baraka bordir!”, dedilar” (muttafaqun alayh).
 
17-Vaqtidan ilgari ro‘zasini ochganligi uchun azobga qoluvchilardan bo‘lma! 
Abu Umoma raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shunday deyotganlarini eshitdim: “men uyquda ekanman (ya'ni tushimda) huzurimga ikki kishi keldi va ikki bilagimdan tutib meni chiqish qiyin bo‘lgan tog‘ga olib kelishdi. Va “chiq!”, deyishdi. “Chiqolmayman”, dedim. Shunda ular: “(sen chiqaver) biz senga osonlashtiramiz”, dedilar. Shundan so‘ng, toqqa chiqdim. Uning tepasiga kelganimda qattiq tovushlar eshitildi. “bu qanday tovushlar?”, deb so‘radim. “bular do‘zax ahlining uvillashlaridir”, deyishdi. So‘ngra, men bilan yo‘lda davom etdi. Banogoh, boldirlaridan osib qo‘yilgan, lunjlari yirtilib, qon oqib turgan qavmga duch keldik. “Bular kim bo‘ldi?”, dedim. “bular ro‘zalari nihoyasiga yetmasdan turib (vaqtidan ilgari) og‘iz ochadiganlardir”, dedi” (Ibn Xuzayma rivoyati).
 
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li.

Manba: Muxlis.uz