14:12 / 20.06.2016
8605

TDTUning yopilgan fakulteti talabalari Gubkin nomidagi RDU filialiga o‘tkazilishi tartibi ma'lum qilindi

O‘zbekiston respublikasi Vazirlar Mahkamasining 13 iyunda tasdiqlangan qarori asosida Toshkent davlat texnika universitetining yopilgan Neft va gaz fakultetining 2-3 kurs talabalari I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filialiga ko‘chiriladi. Hukumat qarori matni Lex.uz saytida e'lon qilingan.

Hujjatda qayd etilishicha, Gubkin nomidagi RDU filialiga bakalavriatning mos tushuvchi va yaqin ta'lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan ikkinchi va uchinchi bosqich talabalari o‘tkaziladi.

Bunda ularning o‘qish shakli (davlat granti asosida yoki to‘lov-shartnoma asosida) saqlanib qoladi.

Bakalavriatning 4-kurs va magistraturaning 2-kurs talabalari o‘zlari ta'lim olgan ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha tahsilni TDTUda yakunlaydi.

Qaror asosida talabalarni o‘tkazish yuzasidan tushuntirish va tashkiliy ishlarni olib borish bo‘yicha ishchi guruhi tuzilgan. Ushbu guruh talabalarni ko‘chirish uchun mos tushuvchi va yaqin ta'lim yo‘nalishlari ro‘yxatini aniqlashi lozim bo‘ladi.

RDU filialiga o‘tkazilgan talabalar ham TDTUga kirgan asosda (grant yoki kontrakt) ta'limni davom ettiradi. Kontrakt miqdoridagi farq esa «O‘zbekneftgaz» tomonidan qoplanadi. 

Rossiya OTM filialiga ko‘chiriladigan talabalar 2016—2017-o‘quv yili davomida o‘quv fanlaridagi akademik farqlarni o‘zlashtirishlari lozim. Ularga akademik farqni o‘zlashtirib olishi uchun sharoitlar yaratiladi, ular uchun ikki oydan olti oygacha davom etuvchi rus tilini intensiv tarzda o‘rganish kurslari tashkil qilinadi. Shuningdek, turar-joyga ehtiyoji bor talabalarga universitet yotoqxonasidan joy ajratiladi.

Qarorda TDTU neft va gaz fakultetining ozod qilingan professor-o‘qituvchilar tarkibini ish bilan ta'minlash bo‘yicha ham choralarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, may oyida O‘zbekiston respublikasi prezidenti Islom Karimov «Toshkent Davlat Texnika Universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni asosida universitet qaytadan tashkil etilib, unda Muhandislik tizimlari fakulteti va Muhandislik-fizika fakulteti ish boshlashi belgilangan, Neft va gaz fakulteti talabalar kontingenti Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkentdagi filialiga o‘tkazilishi ko‘rsatilgandi.

Top