16:41 / 21.06.2016
8595

Barqaror taraqqiyot va farovon istiqbol yo‘lida

O‘zbekiston Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi jahon ommaviy axborot vositalarining diqqat markazida turibdi. Tahlilchilar, ShHT tashkil topganining o‘n besh yilligida o‘tkaziladigan Toshkent sammiti yilning markaziy siyosiy voqeasi bo‘libgina qolmay, tashkilot tarixida yangi sahifa ochishini ta'kidlashmoqda.

23-24 iyun kunlari Toshkentda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tadi. ShHT Davlat rahbarlari kengashi majlisida Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Nursulton Nazarboyev, Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Tszinpin, Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti Almazbek Atambayev, Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi prezidenti Emomali Rahmon ishtirok etishi rasman tasdiqlandi.

Afg‘oniston Islom Respublikasi prezidenti Ashraf G‘ani, Belarus Respublikasi prezidenti Aleksandr Lukashenko, Mo‘g‘uliston prezidenti Tsaxiagiyn Elbegdorj, Pokiston Islom Respublikasi prezidenti Mamnun Husayn, Hindiston Respublikasi bosh vaziri Narendra Modi, Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muhammad Zarif kuzatuvchi davlatlar, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov raislik qiluvchi mamlakat mehmoni sifatida ishtirok etadi.

Majlisda ShHT Bosh kotibi Rashid Alimov va ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Yevgeniy Sisoyev ham qatnashadi.

ShHT sammitida xalqaro hamkor tashkilotlar rahbarlari – Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi o‘rinbosari Jyefri Feltman, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotib Sergey Lebedev, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti bosh kotibi Nikolay Bordyuja, ASeAN Bosh kotibi Le Liong Min, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning ijrochi direktori Gun Tszyanvey ham ishtirok etadi.

Tadbirda ishtirok etish uchun Toshkentga ShHTga a'zo davlatlar, xalqaro tashkilotlar, shuningdek, chet el ommaviy axborot vositalarining qariyb 1000 vakili tashrif buyuradi.

ShHTning Toshkent sammiti mintaqaviy va global masalalarni muhokama qilar ekan, tashkilotning yangi yo‘nalishini belgilab oladi. Bu haqda tashkilot bosh kotibi Rashid Alimov bayonot berdi.

“Biz yilning eng muhim hodisasi - Toshkent sammitini o‘tkazishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ydik. Bu yubiley sammiti, shu sababli katta energiya bilan unga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Har qanday yubileyda bo‘lgani kabi qo‘lga kiritilgan yutuqlarimizni tahlil qilamiz va kelajak ishlarimizni belgilab olamiz”, dedi bosh kotib.

Uning aytishicha, ta'sischi davlatlarning rahbarlari O‘zbekiston poytaxtida to‘planib, xalqaro va mintaqa kun tartibida turgan muhim masalalarni muhokama qilishadi.

Bu yil o‘zining 15 yilligini nishonlayotgan ShHT jahon aholisining 44 foizi (3,17 milliard kishi) istiqomat qiladigan 18ta (oltita a'zo, oltita kuzatuvchi va oltita muloqot bo‘yicha hamkor) davlatni o‘zaro birlashtiradi. Ayni damda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston tashkilotning to‘laqonli a'zosi bo‘lsa, Afg‘oniston, Belarus, Hindiston, Eron, Mo‘g‘uliston va Pokiston kuzatuvchi davlat maqomiga ega. Muloqot bo‘yicha hamkor davlatlar qatorida Ozarbayjon, Armaniston, Kamboja, Nepal, Turkiya, Shri-Lanka bor.

2001 yilning 14-15 iyun kunlarida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya va Xitoy rahbarlari Shanxay shahrida bo‘lib o‘tgan sammitida yangi tashkilot tuzilgani borasida bayonot bergandi. Shu tariqa, jahon siyosiy xaritasida yangi birlashma - Shanxay Hamkorlik Tashkiloti paydo bo‘ldi. Tashkilotning muassisi va teng huquqli qatnashchisi bo‘lmish O‘zbekistonning ShHTda ishtiroki mazkur tashkilotni mustahkamlash bilan birga, mintaqaviy muammolar yechimini tugal va samarali bo‘lishini ta'minladi.

ShHTning O‘zbekiston manfaatlari bilan hamohang jihati bor. “Uchta yovuz kuch”- xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm va ayirmachilik, shuningdek giyohvand moddalar noqonuniy savdosi va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash faoliyatida O‘zbekistonning ShHTga a'zo mamlakatlar bilan mavqei deyarli bir xil. 15 yillik faoliyati davomida ShHT ko‘p qutbli dunyoning tan olingan tashkilotiga aylandi. ShHT jahondagi kuchli tashkilotlardan biri sifatida e'tirof etiladi.

Bugun to‘la ishonch bilan aytish mumkinki, 15 yil avval tashkilot asoschilari bo‘lmish oltita davlat rahbarlari jahon hamjamiyatiga davlatlararo munosabatlarning “Shanxay ruhi” aks etgan yangi modelini taqdim etdi. “Shanxay ruhi” deganda o‘zaro ishonch, tenglik, maslahatlashuvlar, xilma-xil madaniyat va sivilizatsiyalarni hurmat qilish, taraqqiyotga birgalikda intilish tushuniladi. Ayni mana shu noyob tajriba oltita davlat o‘rtasidagi hamkorlikda qo‘lga kiritilgan muhim qadriyat sifatida tan olinadi. “Shanxay ruhi” zamonaviy xalqaro hamkorlik nazariyasini hayotga to‘la tatbiq etayotgani bilan ham ahamiyatlidir.

“A'zo davlat rahbarlarining birgalikdagi sa'y-harakatlari tufayli tashkilot murakkab taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Tashkilotimiz zamonaviy xalqaro munosabatlar arxitekturasida munosib o‘rinni egalladi. ShHT ilk davrardanoq sayyoramizda tinchlik va barqarorlikni qadrlovchi bo‘lgan hamma-hamma bilan keng qamrovli hamkorlikka intilib kelmoqda” dedi Rashid Alimov.

Shu davr maboynida ShHT mintaqada tinchlik, barqarorlik o‘rnatilishi va xavfsizlik ta'minlanishi yo‘lida faol harakat qildi. Jahon iqtisodiyotiga munosib hissasini qo‘shdi. Madaniyat va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotning kengayishiga xizmat qildi.

ShHT sobiq bosh kotibi Dmitriy Mezentsevning aytishicha, ShHT faoliyat ko‘rsatib kelayotgan 15 yil mobaynida O‘zbekiston uchinchi marotaba ushbu tashkilotga raislik qilishdek yuksak mas'uliyatni o‘z zimmasiga oldi.

“Mamlakatingiz raisligi birlashmamizning yubileyiga, muhim hamda mas'uliyatli davriga to‘g‘ri keldiki, bu tizim faoliyati yakunlarini sarhisob qilish imkonini beradi. Biz O‘zbekiston raisligi yillarida ilgari surilgan va hayotga tatbiq etilgan tashabbuslarni yaxshi eslaymiz. Aynan O‘zbekiston shafeligida ShHT huzuridagi kuzatuvchi maqomi to‘g‘risidagi Nizom qabul qilindi, ShHTning kuzatuvchilar bilan hamkorligi tartibi belgilandi”, dedi Dmitriy Mezentsev.

Sammit arafasida BMT bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha yordamchisi Miroslav Yencha jurnalistlarga intervyu berar ekan, ShHT mintaqa va dunyoda katta o‘rin tutishini, terrorizmga qarshi kurash, iqlim o‘zgarishlarini bartaraf etish va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta'minlash borasida katta tajriba va imkoniyatlarga ega ekanligini ta'kidladi. Miroslav Yencha o‘z so‘zida BMT Toshkent sammitidan ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashda ko‘p narsalarni kutayotganini ma'lum qildi. U o‘tgan yil ham BMT, ham ShHT uchun foydali bo‘lganini qayd qilar ekan, 2015 yilda ShHT 2025 yilgacha bo‘lgan taraqqiyot strategiyasini tasdiqlaganini, BMT Bosh Assambleyasining 70-sessiyasi esa 17ta vazifadan iborat Barqaror Taraqqiyot Maqsadlarini qabul qilganini qayd qildi.

“Mening fikrimcha, bu dasturiy hujjatlar ikkita tashkilot o‘rtasidagi hamkorlikning yanada rivojlanishiga hissa qo‘shadi. Shu sababli ham bo‘lajak sammitdan bu yo‘nalishda hamkorlik rivojlanishiga umid qilamiz” dedi Miroslav Yencha.

U ShHT BMTda kuzatuvchi tashkilot maqomiga ega ekanini, BMT bosh kotibi Pan Gi Mun 2010 yil Toshkentga amalga oshirgan safari chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Islom Karimov bilan ikkita tashkilot o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya imzolaganini eslatib o‘tdi.

“Bu muhim hujjatdir. Men tinchlikni qo‘llab-quvvatlash, xavfsizlikni ta'minlash va barqaror taraqqiyotni ta'minlashda har ikki tashkilotning mvqsadlari yakdil ekanini ko‘rayapman”, dedi BMT bosh kotibining yordamchisi.

Shuni ta'kidlab o‘tamiz, 2010 yilning aprel oyida Pan Gi Munning O‘zbekistonga tashrifi mobaynida ShHT va BMT Kotibiyatlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolangan edi. Toshkentda ShHT va BMT kotibiyatlari o‘rtasida imzolangan Qo‘shma deklaratsiya Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Kontrterroristik qo‘mitasi o‘rtasidagi amaliy aloqalarni rivojlantirishga yo‘l ochadi. Bugungi kunda dunyodagi hech bir muammoni alohida bir davlatning sa'y-harakati bilan yechib bo‘lmaydi. Jumladan, xavfsizlik va ekologiya muammolari kamida mintaqa miqyosidagi hamkorlikni taqozo qiladi. Shu ma'noda ShHT bilan BMT o‘rtasidagi hamkorlikning rasmiylashtirilishi ikki tomon uchun muhim masalalarni yechishda bahamjihat harakat qilishga keng yo‘l ochadi.

Miroslav Yencha BMT rasmiylari Toshkent sammitiga taklif qilinganini qayd qilib o‘tdi. U ShHTning o‘tgan yilgi sammitida tashkilot saflariga Hindiston va Pokistoning qabul qilinishi borasida ilk qadamlar tashlanganini eslatib o‘tar ekan, “shuning o‘ziyoq ShHTga qiziqish ortib borayotganini ko‘rsatmoqda”, dedi.

BMT Bosh kotibining yordamchisi har ikki tashkilot ekstremizmga qarshi kurash masalasida ko‘p ish qilayotganini ta'kidlar ekan, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya Mintaqaviy markazi va qarorgohi Toshkentda bo‘lgan ShHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi katta ishlarni bajarayotganini eslatib o‘tdi.

“Mening fikrimcha, bu yo‘nalishda katta tajriba ortirildi. Biroq chaqiriq va tahdidlar ham kuchayib bormoqda. Afg‘onistondagi vaziyat murakkabligicha turibdi. Avvalgi sammitlarda bo‘lgani kabi Toshkent sammitida ham bu kabi muammolar jiddiy muhokama qilinadi”, deya qayd qildi diplomat.

U bugungi vaziyatida ShHT va BMTning hamkorligiga katta ahamiyat qaratilishi lozimligini ta'kidlab o‘tdi.

“Birgalikda ishlash, hamkorlik ruhi bugun nihoyatda muhim ahamiyatga ega. BMT mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlik qilishi kerak. Bu BMT nizomida yozilgani uchun emas, balki qilinishi kerak bo‘lgan zarur ish bo‘lgani uchun ham amalga oshishi kerak”, dedi BMT bosh kotibining yordamchisi.

Shuni ta'kidlash kerakki, xalqaro sharhlovchilar ShHTning mintaqa va dunyoda tinchlik va barqarorlikka qo‘shayotgan hissasiga yuqori baho berishmoqda. ShHT harbiy tashkilot emas. Bu tashkilot asosan a'zo davlatlarning xavfsizligini ta'minlashga mas'uldir. ShHTning o‘z oldiga qo‘ygan vazifalari barqaror taraqqiyot va farovon istiqbol uchun hamkorlikda faoliyat yuritishdan iboratdir. So‘nggi vaqtlarda jahonda nufuzi ortib borayotgan tashkilot o‘z oldiga urushlar va harbiy-siyosiy to‘qnashuvlar xavfini daf etib, tinchlik, farovon hayotga erishish kabi ulug‘ maqsadni qo‘ygan. Tashkilotning doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi ikki organi — Pekin shahrida joylashgan Kotibiyat va Toshkent shahrida joylashgan Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi samarali faoliyat yuritib kelmoqda.

Shanhay hamkorlik tashkilotining huquqiy me'yor va qoidalariga binoan, 2015 yilning 11 iyulidan buyon unga O‘zbekiston Respublikasi uchinchi marotaba raislik qilmoqda. O‘zbekiston 2004 va 2010 yillarda o‘zining ShHTga raisligi doirasida zamonaning an'anaviy hamda yangi xavf-xatarlariga nisbatan tashkilotga a'zo mamlakatlar siyosatini muvofiqlashtirishni kuchaytirishga doir qator muhim tashabbuslarni ilgari surgan edi. Tahlilchilar tomonidan O‘zbekiston hamisha o‘zining ShHTdagi raisligiga aniq va muvozanatlashgan yondashuv bilan qarashi, mazkur tashkilotning nufuzini ko‘tarish maqsadida faol harakat qilishi ta'kidlanadi.

Xalqaro ekspertlar O‘zbekistonning tashkilotga raisligi doirasida ShHTning nufuzini yanada mustahkamlash va faoliyatini rivojlanishi yo‘lida muhim qadamlar qo‘yilganini e'tirof etishadi. O‘zbekiston bir qator yangi tashabbuslar bilan chiqdi va ularni amalda tatbiq etdi. O‘zbekiston o‘tgan davr mobaynida ShHT a'zosi bo‘lgan mamlakatlar bilan birgalikda jahon va mintaqa ahamiyatiga molik muammolar hal etilishida tashkilot salohiyatini, o‘zaro hamkorlik muvofiqlashuvini yanada kuchaytirish, tashkilotning xalqaro maydondagi rolini oshirish yuzasidan keng qamrovli ishlarni ro‘yobga chiqardi. O‘zbekistonning ana shunday sa'y-harakatlari tufayli borgan sari ko‘p davlatlar ShHTga alohida qiziqish, u bilan sheriklik aloqalarini o‘rnatish yuzasidan istak-xohish bildirishmoqda.

2015 yilning sentabrida Kamboja Qirolligiga ShHTning muloqot bo‘yicha sherigi maqomini berish to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Joriy yilning 14 mart kuni ana shunday maqom Ozarbayjonga berildi. Nepal bilan ham shunday hujjatning imzolandi. Joriy yilning 1 mart kuni Pekinda Shanhay Hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Rashid Alimov hamda Hindiston va Pokistonning Xitoydagi elchilari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuvda ShHTga a'zo davlatlarning tashkilot kotibiyati huzuridagi doimiy vakillari ham ishtirok etdi. Unda Janubiy Osiyodagi ikki yirik davlat — Hindiston Respublikasi hamda Pokiston Islom Respublikasi diplomatiya rahbarlariga ShHTga a'zolik maqomini olish bo‘yicha majburiyatlar haqidagi memorandumlarning loyihalari berildi. A'zo davlatlar rahbarlarining Toshkentda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi sammitida mazkur memorandumlarni imzolash rejalashtirilgan bo‘lib, bu voqea uchrashuvning muhim amaliy natijalaridan biri sifatida joriy yilda o‘zining 15 yilligini nishonlaydigan ShHTning kelajakda rivojlanishiga katta hissa qo‘shishi kutilmoqda.

Tashkilotga Hindiston va Pokiston kabi davatlarning qabul qilinishi ShHT geografik qamrovini nafaqat kengaytiradi, balki hamkorlikning yangi ufqlarini ochadi. Qoidaga ko‘ra, yangi a'zolarni qabul qilishdan avval nomzod davlatlar bir qator majburiyatlarni o‘z zimmalariga olishlari kerak bo‘ladi. Jumladan, ular ayni damda qabul qilingan 30dan ortiq hujjatga so‘zsiz qo‘shilishlari kerak bo‘ladi.

ShHTning 2016 yilgi Toshkent sammiti tarixiy ahamiyat kasb etishiga hech kim shubha qilmaydi. Davlat rahbarlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlar tashkilot nufuzini sezilarli darajada oshirishi bilan birga, uning yanada kengayishini ham ta'minlaydi.

Qardoshlik, yaxshi qo‘shnichilik asosida faoliyat yuritayotgan, ayni damda dunyo aholisining salkam 44 foizi istiqomat qiladigan mamlakatlarni qamrab olgan ShHT uzoq yillar mintaqa taraqqiyotiga hissa qo‘shib, a'zo davlatlar hududlarida istiqomat qilayotgan xalqlarning farovonligi va xavfsizligini ta'minlashda davom etadi.

Sharofidin To‘laganov tayyorladi

Top