19:16 / 21.06.2016
15950

Kuyovini o‘ldirtirgan qaynota 12 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Onaizor bir amallab Xayrulla (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) o‘qishga kiritib qo‘ydi. Biroq yigitning ko‘zi ochilmadi. Bir yil o‘qib-o‘qimay o‘qishni tashlab keldi. Yana jo‘rabozlik, maishatdan bo‘shamay qoldi. Bora-bora ko‘cha bolasiga aylangan Xayrulla giyohvand bo‘lib qoldi.  Mahalla-ko‘y, oshna-og‘aynilar o‘rtaga olishdi. Bu yo‘ldan qaytarishga urinishdi. Ha, u bu yo‘ldan qaytdi. Ammo boshqa bir dardi bedavoga yo‘liqdi. U endi ichkilikka berildi. Topganiga aroq olib ichdi. Topmasa, tanishlaridan pul olib ichdi. O‘zini, odamiyligini yo‘qotdi. Qarindosh-urug‘ bunga jim qarab turolmadi. Yana o‘rtaga olishdi. Bir necha bor davolatishdi. Xayrulla biroz o‘zgargandek bo‘ldi. Ishlab pul topmasa-da, ichkilikni tashladi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda. 

Bundan xursand bo‘lgan ona uni qarindoshining qizi Zohidaga uylantirib qo‘ydi. Ana endi u erkinroq nafas oldi. Birin-ketin farzandlar tug‘ildi. “Baxtiga ko‘z tegmasin, iloyim bolamning baxtini bersin”, derdi ona har kuni duoga qo‘l ochib.

Ha, bu ikki yoshdan baxtli odam yo‘qdek edi, go‘yo. Bu orada Xayrulla Xorijga ketib, bir necha yil o‘sha yoqlarda ishladi, oz-moz pul ham topib keldi.  Ammo bu baxtli kunlar o‘tkinchi, Xayrullaning qat'iyati aldamchi ekan. U yana ichkilikka berildi. Xonadondan tinchlik, ro‘zg‘ordan fayz-baraka ko‘tarildi. Xayrulla har kuni ichib kelar, Zohida bilan janjal qilar, bir chekkada mung‘ayib turgan o‘g‘li Mashrabni ham kaltaklab qolardi. Zohida chidadi. “Yomon bo‘lsa ham ko‘z ochib ko‘rganim, yaxshi bo‘lib qolar”, dedi. Yomonini yashirib, yaxshisini oshirishga harakat qildi. Umid qildi, farzandlarini, or-nomusni o‘yladi. Ammo Xayrulla o‘zgarmadi.

Kunlarning birida ichkilikdan o‘zini yo‘qotgan, shayton izmiga bo‘ysungan Xayrulla Zohidani shunchalik savaladiki, oqibatda ojiza ayolning qovurg‘alari sinib, yuzlari momataloq bo‘lib ketdi. Uyga kirib kelgan Mashrab bu holga chidolmadi. Otasiga tik boqdi, qattiq-qattiq gapirdi. Natijada u ham kaltaklandi. Qirq jonidan bir joni ilinib turgan ayol bor kuchini to‘pladi. O‘zini bola va ota o‘rtasiga otdi. “Bolamni urmang, meni uring!”, dedi.

Xayrulla ortiga chekindi. Bir nimalar deb g‘o‘ldiragancha chiqib ketdi. Mashrab esa hushidan ketayotgan onasini qo‘ltiqlagancha tashqariga chiqdi. Yo‘lovchi mashinada bobosi - Begalining oldiga olib bordi. Qizining ahvolini ko‘rib, otaning ko‘ngli o‘rtandi, uni darhol shifoxonaga yotqizishdi.

“Xap senimi, shoshmay tur, sen bola!”. Otaning qoni qaynadi. Qizini shu ko‘yga solgan kuyovga bo‘lgan nafrati alanga oldi. Ko‘nglida o‘ch, intiqom tuyg‘ulari uyg‘ondi. Zohida ancha kun shifoxonada yotdi.

O‘tgan bu kunlarda Begali shashtidan tushmadi. “Qizim bu xonadonga kelin bo‘libdiki, kun yo‘q. Har kuni janjal. Qizimni shu ahvolga solibdimi, uni o‘ldirishdan ham toymaydi”. O‘tirsa ham, tursa ham ana shu xayol uni tark etmadi. Kuyovi bilan erkakchasiga gaplashib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Turli rejalar tuzdi.

Nihoyat kunlarning birida u tanishi, bir necha bor sudlanib, umrining anchagina qismini panjara ortida o‘tkazgan Botir Suyarovni qidirib topdi. U bilan uzoq gaplashib, tanobini tortib qo‘ysa rozi qilishni aytdi. Botir Begaliga “kuyovini yaxshi tanishi, bir vaqtlar unga pand bergani, o‘zaro hisob-kitobi borligi, bir og‘iz aytsa kovushini to‘g‘rilab qo‘yishi”ni aytdi.

Kunlarning birida Xayrulla qaynotasinikiga bordi. Xotinini, bolalarini uyga olib ketishini aytdi.

- Sen qizimga ko‘p azob beryapsan, - dedi yuziga jiddiy tus bergan Begali. –Buning hech kimi yo‘q ekan, bilganimni qilaman, deb o‘ylama. Agar yana bir bor qizimga qo‘l ko‘tarsang, qizimning ko‘zida bir tomchi yosh ko‘rsam, mendan xafa bo‘lma.

Begali bu orada Botirga xabar berib, yetib kelishini tayinlagan edi. Ana shu fursatni kutib turgan Botir qishloqning bir-ikki nafar bezori yigitlari bilan  kelib xizmatga shay bo‘lib turgandi. Begali Botirga ishora qildi. Bu imo Botirga yetarli edi. Xayrullani chetga tortdi: “Gaplashib olishimiz kerak!”.

Ular Xayrullani qishloq chetiga olib borishdi. “Sen hali bizning singlimizni uradigan bo‘ldingmi?”, deb rosa savalashdi. “Agar yana bir bor unga qo‘l ko‘taradigan bo‘lsang, keyingi safar seni o‘ldirib yuboramiz”, deyishdi.

Oradan kunlar o‘tdi. Qaynota tomonidan uyushtirilgan zo‘ravonlikdan so‘ng Xayrulla biroz aqlini yig‘ib olgandek bo‘ldi. Afsuski, bu holat ko‘pga cho‘zilmadi. Xayrulla yana ichkilikni boshlab yubordi. Tabiiyki, me'yoridan oshgan ichkilik Xayrullani har ko‘yga sola boshladi. U yana urush janjalni davom ettiraverdi. Bu orada kaltaklashu janjallardan bezor bo‘lgan Zohida bir necha bor ota uyiga ketib qoldi. U gohida or-nomus, oilasini o‘ylab o‘z uyiga qaytgan bo‘lsa, gohida qarindosh urug‘lar yalinib-yolvorib olib ketishdi.

- Qachongacha shunday yashaymiz, qachon shu aroq o‘lgurni tashlaysiz? - deya zorlandi Zohida Xayrullaning keyingi gal ichib kelganida. – Axir men ham odamman, boshqalardek tinchgina yashashga haqqim bor-ku?!

Bu gaplar, zorlanishlar afsuski Xayrullaga aks ta'sir qildi:

 - Menga baqirma, - dedi oyog‘ida zo‘rg‘a turgan Xayrulla. – Ichsam, o‘zim uchun ichaman, sen aralashma.

Xullas unisi u dedi, bunisi bu. O‘rtada yana janjal. Xayrulla Zohidani urib-tepib uydan quvib yubordi.

- Sabrning ham chek-chegarasi bor, deya pichirladi qizining qaytib kelganini eshitgan Begali. – Bu bola emas, balo ekan. Uni o‘ldirib qutulmasam, qutulmas ekanman. Bir to‘xtamga kelgan Begali kech tushib, atrofni zulmat qoplagan bir paytda Botirni, nabiralari Mashrab va Fayozni uyiga chaqirdi.

- Endi gap bunday, - deya salmoq bilan gap boshladi Begali. – Senlarni chaqirishimdan maqsad, qizim Zohidaning ahvoli-yu kuyovim Xayrullaning xurmacha qiliqlaridan xabarlaring bor. Bu bola haddidan oshib ketdi. Agar shu ketishda ketsa, bir kun kelib u Zohidani o‘ldirib qo‘yadi. Shuning uchun biz uni o‘ldiramiz!

Bu gapdan keyin Mashrab bobosiga yalt etib qaradi.  Axir Xayrulla yaxshimi, yomonmi uning otasi-da.

Uning qarashidan taskin ma'no izlagan Begali taskin ohangida uni avrashga tushdi.

- Biz shunga majburmiz, o‘g‘lim. Shunday qilmasak, otang erta bir kun onangni urib o‘ldiradi. Keyin senlarni boshingga it kunini soladi...

Begali uzoq gapirdi. Xullas, yollangan bu uch kishining roziligini olgach, rejaga o‘tdi.

Tuzilgan jinoiy rejaga binoan Mashrab otasi Xayrullaning ichib kelib, uxlab qolgani haqida Fayozga xabar berishi, Fayoz esa, o‘z navbatida, bu xabarni Botirga yetkazishi kerak edi. Chaqiruvga binoan yetib kelgan Botir va Fayoz Xayrullani o‘ldirib, murdani yo‘qotishi lozim edi. Bu qotillikda bosh rolni ijro etadigan Botir xizmat haqiga Begalidan uch million so‘m oladigan bo‘ldi.

O‘sha kunlari Zohida tabiiyki ota uyida edi. Uyda yolg‘iz qolgan qolgan Mashrab otasining kelishini poylab turdi. Nihoyat, mast holda hovliga kirib kelgan Xayrulla uyga kirdi-yu uxlab qoldi. Mashrab bu haqda darhol Fayozga xabar berdi.

- Biz kutgan payt kelibdi, - dedi o‘z navbatida xabarni telefon orqali Botirga yetkazgan Fayoz.

- Yaxshi, o‘zing qayerdasan? - dedi Botir.

- Qishloq markazida, degan javobni eshitgan Botir, Fayozga “o‘sha yerda kutib turishini tayinlab, hozir yetib borishi”ni aytdi.

O‘zi bilan tayoq, boltani olgan Botir motorollerda Fayozning oldiga keldi.

 - Tezroq o‘tir, shoshilmasak bo‘lmaydi, - dedi u. Botir va Fayoz Xayrullaning uyiga yetib borganida Mashrab darvoza oldida kutib turgan ekan.

- Yuringlar, fursatni boy bermaylik. Mashrab, otang uxlab yotgan xonaga boshla, - dedi Botir qo‘liga boltani olib, tayoqni Fayozning qo‘liga tutqazarkan. Uchalasi uyga kirishdi.

Fayoz va Mashrab qattiq uxlab yotgan Xayrullaning boshiga yostiq qo‘yib, tayoq bilan to‘sib turdi. Botir esa qo‘lida bolta bilan Xayrullaning duch kelgan joyiga urdi. Joni uzilgan Xayrullaning jasadini o‘zi yotgan ko‘rpasiga solib, uydan sudrab chiqishdi. Bir amallab motorollerga ortishdi. Botir va Fayoz jasadni olib jo‘nab ketishdi. Bu holdan qattiq qo‘rqqan, nima qilib qo‘yganini anglab yetayotgan Mashrab esa ertalabgacha qishloq oralab tentirab yurdi.

- Ota, darvozada sizni kimdir chaqirayapti, - dedi Begalining kelini.

 - Nima, yarim kechasi kim bo‘ldiykin? - dedi go‘yo hech narsadan xabari yo‘qdek darvozaga yo‘l olgan Begali. Qarasa, Botir va Fayoz.

- Ish pishdi, - dedi Botir. – Ana, ko‘ring.

Begali motorollerning ustida yotgan jasadga razm solgach, bir nimalar deb yuziga fotiha tortib qo‘ydi, so‘ng:

 - Jasadni yo‘qotinglar, isi chiqmasin, - dedi shivirlab.

 - Chuqur qazishga lopatka kerak, - dedi Botir.

- Ana, darvoza yonida turibdi, o‘zing olib chiq.

Lopatkani olib, motorollerga o‘tirgan Botir Fayozga yuzlandi.

- Sen bormaysanmi?

- Borolmayman, mazam bo‘mayapti, - dedi yuzi dokadek oqarib ketgan Fayoz.

Ishni oxirigacha yetkazib  qo‘yishga uringan Botir Xayrullaning jasadini qishloq chetidagi ovloq bir joyga ko‘chib keldi.

Ertalabgacha nima qilayotganni bilmay, qishloq oralab yurib chiqqan Mashrab ertalab qo‘ni-qo‘shnilarga uyning hammayog‘i qon bo‘lib yotgani, otasi g‘oyib bo‘lgani haqida xabar berdi. Bir zumda qishloq ahli to‘plandi. Ichki ishlar xodimlari yetib keldi... Qotillik tezda fosh etildi.

Sud vahshiylarcha bir kishining umriga zomi bo‘lgan sudlanuvchilarga nisbatan o‘z hukmini o‘qidi. Unga ko‘ra Botir Suyarov 18 yil, Mashrab Erkinov 17 yil, Fayoz Mamarayimov 16 yil, Begali Otaqulov esa 12 yil mudatga ozodlikdan mahrum etildi.

Top