07:03 / 22.06.2016
6362

Obama Shimoliy Koreya va G‘arbiy Bolqondagi barqarorlikka rahna solayotganlarga qarshi sanksiyalarni uzaytirdi

AQSh prezidenti Barak Obama Shimoliy Koreyaga nisbatan sanksiyalarni yana bir yilga uzaytirdi. Tegishli xabar Oq uy tomonidan chop etildi va AQSh kongressiga yuborildi.

"Koreya yarimorolida yadroviy materiallarning mavjudligi va tarqalishi xatari hamda  Koreya yarimorolidagi vaziyatni barqarorsizlantiruvchi va AQSh qurolli kuchlari, uning mintaqadagi ittifoqdoshlari va savdo hamkorlarini xavfga qo‘yuvchi Shimoliy Koreyaning harakatlari va siyosati AQShning milliy xavfsizligi, tashqi siyosati va iqtisodiyotiga favqulodda xavf solishda davom etmoqda. Shu sababli men farmonning amal qilishini bir yilga uzaytiraman", deb aytdi Obama.

Shimoliy Koreyaga nisbatan sanksiyalar kiritish haqidagi farmon 2008 yil 26 iyunda imzolangan. O‘shanda AQSh prezidenti Kichik Jorj Bush Shimoliy Koreyaga qo‘yilgan bir nechta tashqi savdo cheklovlarini bekor qilishini e'lon qilgan, biroq Pxenyanga qarshi bir qator sanksiyalar o‘z kuchida qolishini aytgan. Gap xususan aktivlarni to‘sish va boshqa bir qator choralar haqida ketgan.

Obama, shuningdek, G‘arbiy Bolqondagi barqarorlikka rahna solayotganlar shaxslarga nisbatan AQSh sanksiyalarini bir yilga uzaytirdi. Gap Makedoniya, Bosniya va Gertsegovina hamda o‘z mustaqilligini e'lon qilgan Kosovoda xavfsizlikni ta'minlash haqida ketmoqda.

Sanktsiyalar bu davlatlarda "ekstremistik zo‘ravonlikni moliyaviy yoki boshqa tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgan yoki unda ishtirok etayotgan" hamda "Deyton kelishuvi (Bosniyada tinchlik haqida) yoki BMT Xavfsizlik kengashining 1999 yil 10 iyundagi Kosovo bo‘yicha 1244-rezolyutsiyasini hayotga joriy qilishga to‘sqinlik qilayotgan" shaxslarga nisbatan uzaytirilmoqda. 

Obama bu sankiyalarni saqlab qolishga qaror qilganda xuddi shu sabablarni keltirib o‘tgandi. Shu tariqa ko‘rinadiki, Vashingtonning taxminicha, G‘arbiy Bolqondagi vaziyat o‘zgarmagan.

G‘arbiy Bolqonda u yoki bu darajada ekstremistik faoliyatga aralashgan jismoniy yoki yuridik shaxslarga qarshi sanksiyalar AQSh prezidenti farmoni bilan 2001 yil 26 iyunda kiritilgan va 2003 yilda to‘ldirilgan. AQSh fuqarolariga bunday shaxslar bilan qandaydir tijoriy bitimlar tuzish yoki ularga pul o‘tkazish taqiqlangan. Kichik Jorj Bush har yili bu farmonning amal qilishini uzaytirib kelgan.

Top