O‘zbekiston | 12:19 / 24.06.2016
20951
3 daqiqa o‘qiladi

GM Uzbekistan avtomobillarni sotishning noqonuniy tizimi mavjud bo‘lganini inkor etdi

"GM Uzbekistan kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan avtomobillarni noqonuniy usullar orqali sotish tizimi mavjudligi va kompaniya rahbariyatining hibsga olinishi bilan bog‘liq ma'lumotlar "haqiqatga yaqin emas hamda mavjud vaziyatni aks ettirmaydi", deyiladi kompaniya matbuot xabarnomasida. 

«Biz rasmiy ravishda «JiEm O‘zbekiston» AJning rahbar xodimlari, xususan, kompaniyaning amaldagi rahbarlari, korxonaning turli xizmatlari xodimlari hibsga olingani to‘g‘risidagi so‘nggi kunlarda turli matbuot nashrlarida e'lon qilingan xabarlarni inkor etamiz», – deb ta'kidlagan kompaniya matbuot xizmati. 

Kompaniya vakillari, bir qator xorij OAVning xabarlarini inkor etish barobarida, aynan qaysi OAV ekaniga oydinlik kiritmagan. 
Bundan tashqari, Asaka shahridagi avtomobilsozlik zavodi faoliyati vaqtincha to‘xtatilgani to‘g‘risidagi xabar ham asossiz ekani aytilar ekan, zavod jadval bo‘yicha ishlayotgani ta'kidlangan.

OAVda ichki bozorda avtomobillarni sotishning noqonuniy tartibi mavjud bo‘lgani haqidagi xabarlar ham tarqalgan edi. Unga ko‘ra, dastlab eksportga chiqarilgan avtomobillar mahalliy bozorga noqonuniy olib kirilgan va sotilgan. Go‘yo shu maqsadda, qo‘shni davlatlarning chegaradosh hududlarida maxsus avtoturargohlar tashkil etilgan. 

«Shu bilan nafaqat «JiEm O‘zbekiston» asossiz va dalilsiz ayblanmoqda, balki O‘zbekiston Respublikasining boshqa davlat organlari, xususan, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat soliq xizmati, chegaralarni qo‘riqlash Davlat qo‘mitasi, banklar va boshqa idoralar ham ayblanmoqda. Chunki ular ham shu kabi noqonuniy tizim ishtirokchilari bo‘lib qolishar edi», – deb hisoblashgan kompaniya rasmiylari.

Qayd etilishicha, «eksport uchun deklaratsiya qilingan avtomobillarni ichki bozorda sotish bo‘yicha soxta tizimlar bo‘lishi nazariy va amaliy jihatdan ham mumkin emas». «Bundan tashqari, bu kabi ishlarni amalga oshirish qo‘shni davlatlarning ham davlat organlarini jalb etishni taqazo etgan bo‘lar edi».