07:06 / 25.06.2016
7025

Bitkoin virtual valyutasi Britaniyaning YeIdan chiqishi tufayli 120 dollarga qimmatlashdi

Bitkoinning kursi 24 iyundagi savdolar davomida 120 dollarga oshib, 679 dollargacha yetdi, deb xabar bermoqda Marketwatch.

Bitkoin hozirda oltin bilan bir yo‘nalishda ketmoqda, oltin savdolar vaqtida 4 foizdan ko‘proqqa qimmatlashib, 1400 dollardan oshdi. Bu ikki aktivga talab odatda bozorda beqarorlik hukm surganda oshadi.

24 iyunda Yevropadagi fond indekslari 3-6 foizga pasaydi. Germaniyaning DAX indeksi deyarli 7 foiz yo‘qotdi.

23 iyunda Buyuk Britaniyada mamlakatning Yevropa Ittifoqidagi kelgusi taqdiri bo‘yicha referendum o‘tkazildi. Britaniyaning 51,9 foiz aholisi mamlakatning YeI tarkibidan chiqishiga ovoz berdi.

Bitkoin bugungi kunda dunyodagi eng tarqalgan va muvaffaqiyatli virtual valyuta hisoblanadi. Bir qator davlatlarda u taqiqlangan, u bilan operatsiyalar o‘tkazganlik jazolanadi. Ayni vaqtda muomalada 15,5 millionga yaqin bitkoin mavjud.

Top