13:05 / 25.06.2016
5267

Giyohvandfurushlar zanjirining “halqalari” ashyoviy dalil ustida ushlandi

1975 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, to‘rt nafar farzandning otasi Ismat Raupov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) hayotning past-balandini tushungan, boz ustiga panjara orti hayotini ko‘rib qaytgan bo‘lishiga qaramay, farzandlari uchun ijobiy o‘rnak bo‘la olmadi. U “oq ajal”ning savdosi bilan shug‘ullana boshladi. Bu haqda “Ogoh” nashri yozmoqda.

2015 yilning sentabr oyida I.Raupov tanishi Akromdan 1500000 so‘m evaziga taxminan 30 gramm opiy giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda sotib oladi. So‘ng opiyning bir qismini iste'mol qilib, qolgan qismini esa o‘zida saqlab qo‘yadi. Muqaddam bir necha marta sudlanib chiqqan, 1977 yilda tug‘ilgan Farruh Narimonov bo‘lsa, Yashnobod tumani, Xovost ko‘chasida Bahrom Mirzayev bilan uchrashadi. U bilan oldindan til biriktirib, opiy giyohvandlik vositasini sotib olishi uchun Bahromga 1440000 so‘m pulni taqdim etadi.

Bahrom esa, o‘z navbatida, 2015 yil 27 sentabr kuni Yashnabod tumani Izzat va M.Arafiy ko‘chalari kesishmasida Zokir Saidov bilan uchrashib o‘zaro jinoiy til biriktiradi. U ham giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda sotish maqsadida Farruhdan opiy uchun olgan 1440000 so‘m puldan 1000000 so‘mini Zokirga opiy giyohvandlik vositasini sotib olish uchun beradi.

Shundan so‘ng, Zokir o‘zining tanishi Sherzod Aliyev bilan uchrashib, Bahromdan giyohvandlik vositasi uchun olgan puldan 1000000 so‘mini unga opiy sotib olishi uchun beradi. O‘z navbatida, Sherzod shu kuni Ilhom Tojiyev bilan ko‘rishib, Zokirdan olgan 1000000 so‘m puldan 700000 so‘mini unga opiy giyohvandlik vositasini sotib olish uchun taqdim etadi. Qolgan 300000 so‘m pul mablag‘lari Ismat bilan xizmat haqlari evaziga o‘zoro bo‘lishib olinadi.

Undan keyin, Ismat o‘zining qarindoshi bo‘lmish Abdulla Xasanov bilan uchrashib, undan opiy giyohvandlik vositasini topib berishni iltimos qilib, unga Sherzoddan olgan 700000 so‘mni berib yuboradi.

O‘z navbatida, Abdulla ham o‘zining qarindoshi Ilhomning iltimosiga ko‘ra, opiy giyohvandlik vositasi topib berishini iltimos qilib, o‘z tanishi Ismat bilan ko‘rishadi va unga Ilhomdan  giyohvandlik vositasi sotib olish uchun olgan 700000 so‘m pulni beradi. Ismat Abdullaga bir dona polietilen paketga qadoqlangan 4,53 gramm opiy giyohvandlik vositasini 600000 so‘m evaziga sotib, qolgan 100000 so‘m pulni qaytaradi. So‘ngra Abdulla shu kuni Ilhom bilan Shayxontohur tumanida joylashgan 1-sonli shahar kasalxonasida uchrashib, u oldindan bergan puli evaziga Ismatdan sotib olgan 4,53 gramm opiy giyohvandlik vositasini Ilhomga o‘tkazadi.

Ilhom shu kunning o‘zidayoq soat 20:30 larda Yashnabod tumani M.Rayoziy mavzesida Sherzod bilan ko‘rishib, unga opiyni ilgari olgan pul evaziga sotib yuboradi. O‘z navbatida, Sherzod shu kuni soat 20:45 larda Yashnabod tumani Izzat va M.Ashrafiy ko‘chalari kesishgan chorraha yaqinida Zokir bilan uchrashib, unga qadoqlangan opiyni sotadi. Shundan so‘ng, Zokir shu kun soat 21:00 larda Bahromga opiyni berib yuboradi. Bahrom ham, o‘z navbatida, soat 22:00 larda tumandagi Alimkent ko‘chasida joylashgan bir do‘kon oldida Farruhga opiyni sotadi.

Farruh esa 1 oktabr kuni soat 15:30 larda Chilonzor tumani 16-mavzesida joylashgan uylar oldida “Lasetti” rusumli avtomashinasida kelib, Bahromdan sotib olgan bir dona polietilen paketga o‘ralgan opiy giyohvandlik vositasini sotmoqchi bo‘lgan vaqtida, huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari tomonidan ushlandi. U o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlarda jinoiy maqsadini oxiriga yetkaza olmay, jinoiy javobgarlikka tortilishdan qutulish maqsadida giyohvandlik vositasini yerga tashlab yuborib, voqea joyidan yashirinishga ulgurdi. Xolislar ishtirokida huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari tomonidan ushbu giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olindi. Sudga oid kimyoviy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, F.Narimonovdan olingan modda tarkibida morfin, kodein, tebain mavjud bo‘lib, bu modda opiy deb atalishi va uning og‘irligi 4,53 grammga tengligi aniqlandi.  2015 yilning 15 oktabr kuni soat 18:40 larda giyohvandlik vositalari bilan noqonuniy muomala qilish bilan shug‘ullanuvchi shaxslarni aniqlashga qaratilgan tezkor tadbir jarayonida, Uchtepa tumani 21-mavzedagi uy olida I.Raupov ushlandi. Xolislar ishtirokida shaxsiy tintuv qilinganida, uning egnidagi sport kostyumining o‘ng tomon cho‘ntagidan “Kent” rusumli sigaret qutisi aniqlandi. U ko‘zdan kechirilganda,  ichida bir dona polietilen paketga o‘ralgan, jigarrang, o‘tkir hidli modda borligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirib olindi.

Sudga oid kimyoviy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, I.Raupovdan olingan modda opiy deb atalishi va uning og‘irligi 0,31 grammga tengligi aniqlandi.

Shu tariqa bu giyohvandlik zanjirining keyingi faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu zanjir halqalarning barchasi qilmishlariga yarasha jazolarini oldilar.

Top