12:22 / 25.06.2016
7928

Katta miqdordagi pullarni noqonuniy yo‘llar bilan o‘zlashtirgan firibgarlar qonun oldida javob bermoqda

1979 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan A.Yormatov oliy ma'lumotli, bir oilaning boshlig‘i, uch farzanding otasi bo‘la turib, hayotda to‘g‘ri yo‘lni tanlay olmadi. Buning natijasida bir necha marta jinoiy javobgarlikka tortilib, sudning qora kursisiga o‘tirishga ham ulgurdi. Bu haqda “Ogoh” nashri yozmoqda. 

Ammo bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarish va jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lib, foydali mehnat bilan shug‘ullanish o‘rniga boylik orttirish payiga tushdi. Bu yo‘lda esa u har qanday qing‘iriklar  qilishga tayyor edi. Firibgarliklarini amalga oshirish uchun esa o‘zi kabi temir panjara orti hayotini bir necha bor ko‘rishga ulgurgan tanishi - 1965 yilda Navoiy viloyatida tug‘ilgan B.Jalilov bilan topishib oldi. “Ko‘r ko‘rni qorong‘ida topadi”, deganlaridek ikki “usta firibgar” anchagina sodda insonlarni “chuv” tushirishdi. Shunday  insonlardan biri Anvar Bobomuhamedov bularning qarmog‘iga ilinganini o‘zi ham bilmay qoldi.

A.Bobomuhamedov Olmazor tumanida joylashgan uyini sotishga qaror qildi. Shunda uning tanishi A.Yormatov paydo bo‘lib, unga “yordamga keldi”. Abduvosiq Anvarga uyini qimmatroq narxda sotish yo‘li borligini aytadi. Bu ishni “do‘ndirish” uchun esa tanishi – B.Jalilovni tavsiya qiladi.

Abduvosiq Bahromni yuqori lavozimda ishlovchi, mansabdor shaxsning ishlarini bajarib beruvchi kishi, deb tanishtiradi. Abduvosiq Bahromning ta'rifini obdon keltirib, shunday deydi:

- Anvar, ukam, bu do‘stimiz juda ishonchli odam. U “Palonchi Akaxon”imizning ko‘chadagi “ko‘zi” hisoblanadi. U “akaxon” bunga o‘zlariga ishonganday ishonadi. Buning maslahatlariga quloq solsang, kam bo‘lmaysan.

- Ha, shundaymi?! Bizni ishimiz haqida ham bir og‘iz aytib qo‘ydingizmi? - dedi Anvar.

- Albatta-da! Bahromjon, bu ukamga o‘zingizning qimmatli maslahatlaringizdan bering-chi.

- Jonim bilan. Menimcha, Anvarjon, siz avvalo bankdan kredit olsangiz ma'qulroq bo‘lardi. Ammo ushbu kreditni olish uchun esa uyingizni noturar joy qilib, men ish yurituvchi bo‘lib ishlaydigan MChJning balansiga qo‘yib, so‘ng shu uyni garovga qo‘yish kerak, - deb “aqlli” mulohaza qildi Bahrom.
- Voy-bo‘y, ishi juda ko‘p ekan-ku, - deganicha Anvar boshini qashlab qo‘ydi.

- Siz hech ham xavotir olmang. Men borman-ku! Hammasini “yest” qilaman. Faqat bu ishlarni amalga oshirish va kredit olish uchun yuqori lavozimlarda ishlovchi mansabdor shaxslarga 11000 AQSh dollarini “sovg‘a” tariqasida berish lozim. Xo‘sh, taklifimga rozimisiz? - Bahrom savol nazari bilan ikkilanib turgan Anvarga boqdi.

Ularning suhbatiga bir oz qo‘shilmay turgan Abduvosiq, endi o‘zining rol o‘ynash vaqti kelganini sezib, oraga suqildi:

- Xo‘p, deyavering, Bahrom siz kabi yaxshi odamlarning hojatini ko‘p bor chiqargan. Xafa bo‘lmaysiz, axir o‘rtada men turibman-ku.

Nima javob qilarini bilmay turgan Anvar Abduvosiqning bu so‘zlaridan keyin Bahromning taklifiga rozi bo‘lganini ham sezmay qoldi.

2014 yilning sentabr oyi o‘rtalarida Mirobod tumanida joylashgan “Markaziy universal magazin” savdo markazi oldidagi kafeda Anvar, Abduvosiq va Bahromlar uchrashdilar. Anvar kelishilgan 11000 AQSh dollari miqdoridagi pulni Bahromga beradi. Bahrom pulni ola turib:

- Pulning hammasini kerakli odamlarga beraman. Ammo hujjatlarni rasmiylashtirish uchun ketadigan to‘lovlar ham bor edi. Shuning ham xarajatini berasiz endi.
Anvar Bahrom so‘ragan 1370000 so‘m pulni ham beradi. Shunda ular birgalikda bir necha tashkilotlarga kirishadi va Anvar bir qancha hujjatlarga imzo qo‘yadi.

Anvar Bahromning yolg‘on va'dalariga “laqqa” ishondi. Shuncha katta miqdordagi pullarni aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritgach, firibgarlar “yo‘q bo‘lib ketishdi”. Anvar ularga qo‘ng‘iroq qila-qila  topa olmadi. Nihoyat bir necha oydan so‘ng Anvar Bahromni qidirib topdi. Undan bergan  pullarini qaytarib berishini talab qiladi. Ammo ular allaqachon bu pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan edilar.

“Pixini yorgan” firibgarning tuzog‘iga ilinib, katta miqdordagi pulidan ayrilib qolganini tushunib yetgan Anvar ichki ishlar idoralariga ariza bilan murojaat qilishga majbur bo‘ladi.

Ayblanuvchilar A.Yormatov va B.Jalilovlar o‘zlarining ayblariga qisman iqror bo‘lsalar-da, ularning ayblari ariza, tushuntirish xatlari, yuzlashtirish tergov harakati va jinoyat ishi bo‘yicha to‘plangan boshqa hujjatlar bilan ham o‘z tasdig‘ini topdi. Firibgarlarning asl qiyofasi ochildi. 

“Yemoqning qusmog‘i bor”, - deganlaridek, oxir oqibatda Abduvosiq va Bahromlarning firibgarliklari oshkor bo‘lib, bugungi kunda ular qonun oldida javob bermoqdalar.

Top