23:08 / 26.06.2016
5365

Yevro-2016. Germaniya Slovakiyani 3:0 hisobida yengib, chorak finalga chiqdi

Germaniya terma jamoasi Yevropa chempionatining nimchorakfinalida Slovakiya bilan kuch sinashib 3:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Birinchi bo‘lim nemislarning katta ustunligi ostida o‘tdi. 8-daqiqadayoq hisob ochildi. To‘p burchakdan jarima maydoniga yetkazilganda, himoyachilar uni qaytarishga muvaffaq bo‘lishdi. Qaytgan to‘pga yetib kelgan Jyerom Boateng uzoq masofadan kuchli zarba yo‘llab, pastki burchakni aniq nishonga oldi - 1:0.

Oradan biroz vaqt o‘tgach, Shkrtel jarima maydoni ichida Gomesni qoida buzgan holda to‘xtatib qoldi. Bosh hakam penalti belgiladi. Biroq Mesut O‘zil uni aniq amalga oshirolmadi. Darvozabon Kozachik to‘pni qaytarishga muvaffaq bo‘ldi.

Shundan so‘ng ham Germaniya o‘yin suratini pasaytirmadi. 43-daqiqada hisobdagi farq oshdi. Draksler chap qanotda himoyachini aldab o‘tib, jarima maydoniga kirib keldi va to‘pni Gomesga uzatdi. Hujumchi esa yaqin masofadan darvozani osonlik bilan ishg‘ol etdi.

Ikkinchi bo‘limda o‘yin yo‘nalishi o‘zgarmadi. 63-daqiqada hisob yirik ko‘rinishga keldi. Burchakdan oshirilgan to‘pni Xedira boshi bilan Drakslerga tashlab berdi. U esa yaqin masofadan zarba yo‘llab, to‘pni osonlik bilan darvozaga kiritdi.

Shundan so‘ng, hakamning final hushtagiga qadar nemislar o‘yin tizginini qo‘ldan chiqarishmadi va ishonchli g‘alaba qozonib, chorakfinalga yo‘llanma olishdi.

Germaniya keyingi bosqichda Ispaniya-Italiya juftligi g‘olibi bilan to‘qnash keladi.

Yevro-2016.  1/8 Final.
Germaniya – Slovakiya 3:0
Gollar:
Boateng (8), Gomes (43), Draksler (63).
Germaniya: Noyyer, Xummels, Boateng (Xevedes, 72), Xektor, Kroos, Kimmix, O‘zil, Xedira (Shvaynshtayger, 76), Draksler (Podolski, 72), Gomes, Myuller.
Slovakiya: Kozachik, Shkrtel, Shkrinyar, Domber (Salata, 84), Dyuritsa, Kutska, Groshovski, Vayss (Gregush, 46), Gamshik, Pekarik, Dyurish (Shestak, 64).
Ogohlantirishdar: Shkrtel (13), Kimmix (46), Xummels (67), Kutska (90).

Top