13:54 / 27.06.2016
8388

Turkmaniston Afg‘onistonga elektr energiyasi eksportini 2 martaga oshirdi

2016 yil 24 iyunidan boshlab, Turkmaniston Afg‘onistonga eksport qilayotgan elektr energiyasi hajmini ikki baravarga oshirdi. Bugungi kunda, Sarhadobod -Hirot-Turg‘undi yo‘nalishi bo‘yicha 400 mln kVt/soat elektr energiyasi yetkazib berilmoqda, deb xabar qilmoqda TDH agentligi.

So‘nggi yillarda mamlakatning elektr energetika sohasida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Yangi elektr stansiyalar barpo etilib, mavjudlari zamon talablari asosida kapital ta'mirlanayapti. Mamlakatda bir yilda 5178,6 megaVatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda. Yaqinda, Marv viloyatida yana bir 1574 megaVatt/soat energiya ishlab chiquvchi bug‘-gaz stansiyasi qurlish boshlangan. U ishga tushirilgach, Turkmanistonda bir yilda 7006,6 megaVatt elektr ishlab chiqariladi. 

Yana bitta gazturbinali elektrostansiyasini Yaponiyaning «Sumitomo Corporation» kompaniyasi barpo etayapti. U 432 megaVatt elektr ishlab chiqarish quvvatiga ega. 

Umuman, joriy yilning 5 oyi davomida 9 milliard 292 million 719 ming kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqilgan. Shundan 1 mlrd 535 mln 824 ming kVt/soati eksport qilingan. Bu 108,5 foizlik o‘sishni anglatadi. «2011-2030 yillarda Turkmanistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi»ga muvofiq, mamlakatda elektr ishlab chiqarish hajmi yiliga 25,5 milliard kVt/soatga yetkaziladi, uning 11 mlrdi eksportga yo‘naltiriladi. 
 

foto:kapital.kz

 

Top