16:04 / 28.06.2016
12910

Ledi Gaga Dalay-Lama bilan uchrashganidan so‘ng Xitoyning "qora ro‘yxati"ga tushdi

XXRda amerikalik qo‘shiqchi Ledi Gaganing kompozitsiyalariga taqiq qo‘yildi. Bu haqida The Guardian ma'lum qildi. 

Xitoy Kommunistik partiyasi tashviqot bo‘limi qo‘shiqchining nomini "tashqi dushman kuchlari" ro‘yxatiga kiritdi, shuningdek Xitoyda uning repertuarini umuman taqiqladi. OAV va veb-saytlar Ledi Gaganing qo‘shiqlari man qilinganligi to‘g‘risida xabardor qilindi. 

Taqiqning bosh sababi qo‘shiqchining tibet buddistlari ma'naviy yetakchisi Dalay-Lama bilan uchrashganidadir. Uchrashuv 26 iyun kuni Amerikaning Indianapolis shtatida bo‘lib o‘tdi, diniy rahnamo bu yerga o‘zining jahon bo‘ylab uyushtirgan xayriya turnesi doirasida yetib kelgan. 19 daqiqa davom etgan uchrashuv chog‘ida rahm-shafqat, adolatsizlik bilan kurashish, shuningdek ruhiy salomatlik va hatto yoga mavzulariga to‘xtalib o‘tildi.  

Qo‘shiqchi bilan suhbatlashar ekan, Dalay-Lama o‘z yoshi va hayotiy tajribasiga e'tiborni qaratdi: "Men 81 yoshli, yetarlicha katta hayot tajribasiga ega bo‘lgan - sizdan-da ko‘proq tajribaga ega insonman".

Bunga Ledi Gaga hazil tariqasida javob qaytardi: "Siz buni bilmas edingiz, aslida men sizdan ancha kattaman". 

Kommunistik partiya nazorati ostidagi CCTV telekompaniyasi hamda «Jenmin jibao» va Global Times gazetalariga Ledi Gaga va Dalay-Lama uchrashuvini tanqid qilish buyurildi. 

"Uning boshqa mamlakatlarga tashrifidan maqsad - Tibet mustaqilligi g‘oyasini ilgari surish. O‘ylaymizki, xalqaro hamjamiyat vakillari uning asl maqsadidan yaxshi xabardorlar", - deya ta'kidladi Xitoy tashqi ishlar vazirligi vakili. 

 

Foto:Kevin Mazur/(Credit too long, see caption)

Top