10:53 / 29.06.2016
19249

Spirtli ichimliklar saratonga olib keluvchi halokatli sabab deb topildi

Yangi Zelandiya tibbiyot xodimlari spirtli ichimliklarni hatto kichik dozalarda iste'mol qilish yosh o‘tganda saratondan vafot etish xavfini oshiradi, deb hisoblashmoqda. Bu boradagi yangi tadqiqot natijalari Drug and Alcohol Review jurnalida chop etildi. 

"Yangi Zelandiyada spirtli ichimliklarni iste'mol qilish natijasida yuzaga kelgan saraton kasalligidan ko‘z yumish bilan bog‘liq holatlarning taxminan 60 foizi ko‘krak bezi saratoniga chalingan ayollarga to‘g‘ri kelmoqda. Bizning baholarga ko‘ra, 2007 yilda ko‘krak bezi saratonidan vafot etish yuz bergan 71ta holat va 2012 yildagi 65ta holat spirtli ichimliklar iste'moli bilan bog‘liq bo‘lgan. Ularning uchdan bir qismi kuniga 1 yoki 2 stakan spirtli ichimlik iste'mol qilgan bo‘lsa-da, shuning o‘zi saraton uchun yetarli bo‘lgan", - deya qayd etdi tadqiqot hammuallifi Jyenni Konnor. 

U spirtli ichimliklarni hattoki kichik dozalarda iste'mol qilish saraton kasalligining rivojlanishiga olib kelishini ta'kidladi. Bunday holatlarda ayollar asosan ko‘krak bezi saratonidan aziyat chekishsa, erkaklar saratonning boshqa turlariga chalinishadi (og‘iz bo‘shlig‘i saratoni, qizilo‘ngach saratoni, jigar saratoni).

Olimlar o‘z izlanishlari davomida saraton natijasidagi o‘lim holatlarining sabablarini o‘rganishga bag‘ishlangan o‘nlab xalqaro tadqiqotlarga doir ishlarni tahlil qilib chiqishdi va olingan ma'lumotlarni Yangi Zelandiyaga nisbatan qo‘llashdi. 

Tibbiyot xodimlarining ta'kidlashicha, spirtli ichimliklarni iste'mol qilish natijasida saratonga chalinish holatlari ko‘proq maorilarda (mamlakatning tub aholisi) kuzatiladi. Kasallik inson hayotining o‘rtacha 10,4 yilga qisqarishiga olib keladi. Spirtli ichimliklar iste'moli natijasidagi onkologik kasalliklardan vafot etuvchilar 80 yoshdan keyingi o‘lim holatlarining 4,2 foizini tashkil qiladi. 

 

Foto:Google image

 

 


 

Mavzuga oid
Top