11:59 / 30.06.2016
3868

Obama YeI Brexit ortidan kelishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy inqirozga qarshi reja ishlab chiqishiga ishonch bildirdi

AQSh Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqini tark etganidan keyin ham dunyoda moliyaviy tizimlardagi barqarorlik ta'minlanishi ustida ishlaydi. Bu haqda AQSh prezidenti Barak Obamaning Shimoliy Amerika davlatlari sammitidagi chiqishida aytib o‘tilgan.

"Birlashgan Qirollikdagi referendum yakunlari o‘rganib chiqiladi. Amerikalik, kanadalik va meksikalik iqtisodiy tahlilchilar birgalikda ish olib borishmoqda va bizning iqtisodiyotimizda olg‘a siljishlar bo‘lishi, shuningdek dunyo iqtisodiyotida barqarorlik saqlab qolinishi yo‘lida harakat qilishmoqda", degan Obama.

AQSh prezidenti YeI ham Brexit ortidan kelishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy inqirozga qarshi reja ishlab chiqishiga ishonch bildirgan.

"Hozirda bildirilayotgan taxminlarga qaramasdan men ishonch bilan aytamanki, bu jarayon (Brexit) tartibli ravishda kechadi. Men taxmin qilamanki, bizning bo‘g‘ozning (La-Mansh) ikki yoqasidagi do‘stlarimiz olg‘a rivojlanishni ko‘zda tutuvchi maqbul rejani ishlab chiqishadi", deya qayd etgan amerikaliklar yetakchisi.

Obama Buyuk Britaniyaning YeIni tark etishi og‘ir oqibatlarga olib kelishi haqida tushkun fikrlar bildirishga shoshilmaslikka chaqirgan.

"Shuni e'tibordan chetda qoldirmaslik kerakki, Buyuk Britaniyada mamlakatning YeIdan chiqishi uchun ovoz berganlardan tashqari yana shuncha YeIda qolish tarafdori bor. Ular mamlakat ochiq bozorga kirishini istashadi. Biz Yevropa Ittifoqida va Buyuk Britaniyada nimalar ro‘y berayotganini diqqat bilan kuzatib boramiz", degan Oq uy rahbari.

29 iyun kuni AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Buyuk Britaniyani YeIda qoldirish usulini bilishini aytdi. Lekin u o‘z g‘oyasini batafsil oshkor qilishdan bosh tortdi.

Obama London bilan qalin aloqalar davom etishi haqida ma'lum qildi. Bundan tashqari, u Birlashgan Qirollik bosh vaziri Devid Kemeron bilan referendum yakunlarini muhokama qildi va uni "eng yaxshi do‘stlaridan biri hamda jahon maydonidagi hamkori" sifatida atadi.

23 iyun kuni Buyuk Britaniyada YeIdan chiqish masalasida bo‘lib o‘tgan referendum yakunlariga ko‘ra, Brexit tarafdorlari g‘alaba qozondi.

AQSh Buyuk Britaniyaning YeIda qolishi tarafdori edi. Aprel oyida Obama bu mamlakatga tashrifi vaqtida Brexit yuz bergan taqdirda London AQSh bilan savdo bitimlari tuzmoqchi bo‘lganlar navbati oxirida turishi haqida aytib o‘tgandi

Top