2016 yil 30 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalari agentligi tomonidan “2016 yil yanvar-may oylarida aholini xorijda ish bilan ta'minlash, ularning mehnati va mehnat muhofazasini ta'minlash hamda boshqa masalalar yuzasidan Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan amalga oshirilgan ishlar” mavzusida brifing o‘tkazildi. Unda Agentlik rahbari Ulug‘bek Nazarov, tashkilotning mutasaddilari va OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Kirish so‘zida TMMMA rahbari U.Nazarov O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligiga chorak asr to‘lishi qalblarimizga ulkan quvonch baxsh etishini, respublikamizning mustaqil davlat sifatida jahon hamjamiyatining teng huquqli a'zosiga aylanishi, huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini qurish sari dadil odimlari ulkan ijtimoiy-tarixiy jarayon ekanini ta'kidladi.
Ma'lumki, mamlakatimizda izchil tarzda davom etayotgan islohotlarning muhim tarkibiy qismi fuqarolarning mehnat qilishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish hisoblanadi. Mamlakatimizda ushbu dolzarb masalaga dasturiy yondashuv joriy etilgan bo‘lib, aniq manzilli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Bilamizki, hukumatimiz belgilagan dastur bo‘yicha bu yil 992,7 ming nafar ish o‘rni tashkil etish rejalashtirilgan.
Fuqarolarimizning konstitutsiyaviy huquqi bo‘lgan mehnat huquqini ro‘yobga chiqarishning yana bir muhim yo‘nalishi – tashqi mehnat migratsiyasi sohasidir. O‘zbekiston Hukumati qarorlariga ko‘ra O‘zbekiston fuqarolarini chet ellarda mehnat faoliyatini amalga oshirish hamda chet ellik fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun jarayonining tashkiliy-huquqiy ta'minotini Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi amalga oshiradi.

Qonuniy asosda mehnat qilish chet elda ishlovchilar huquqlarini kafolatlashning muhim shartidir.
Yuqorida qayd etilgan qaror ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan mehnat migratsiyasi yo‘nalishlaridan ikkitasini shartli ravishda ko‘rsatib o‘tish mumkin. Birinchisi — bu agentlik tomonidan berilgan ruxsatnoma bo‘yicha xususiy mehnat shartnomasi asosida fuqarolarning xorijga chiqishi hisoblanadi. Bugun dunyoning o‘ttizga yaqin mamlakatida fuqarolarimiz shu tariqa mehnat qilmoqdalar. So‘nggi ikki yil davomida Chexiya, Turkiya, Shveytsariya, Fransiya, BAA, Hindiston va boshqa mamlakatlarda ishlash uchun shunday ruxsatnomalar berilgan.









