20:48 / 02.07.2016
4864

«Borussiya D» Mxitaryanning «MYu»ga o‘tishini e'lon qildi

Dortmundning «Borussiya» klubi yarim himoyachisi Genrix Mxitaryan faoliyatini «Manchester Yunayted»da davom ettiradi. Bu haqda «Borussiya D» rasmiy sayti ma'lum qildi.

Manbada aytilishicha, klub Mxitaryanning xohishini inobatga olgan holda uni «MYu»ga qo‘yib yuborishga rozi bo‘lgan.

27 yoshli futbolchi bundesliganing o‘tgan mavsumida 52ta o‘yin o‘tkazib, 23ta gol urgan hamda 16ta golli uzatma muallifi bo‘lgan.

«Qizg‘in muhokamalardan keyin Mxitaryanning «MYu»ga o‘tish ishtiyoqiga rozi bo‘ldik. «Yunayted» juda yaxshi taklif bildirdi. Agar ushbu taklifga rad javobini bersak, kelasi yili Mxitaryan safimizni tekinga tark etardi», – deydi «Borussiya» prezidenti Xans-Yoaxim Vattske.

Avvalroq mankunianliklar Armaniston terma jamoasi futbolchisini 38 million yevroga sotib olayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Mxitaryan Joze Mourino kelganidan keyin «Manchester Yunayted» sotib olgan uchinchi futbolchi bo‘ldi. Bundan oldinroq himoyachi Erik Beyli va PSJni erkin agent sifatida tark etgan hujumchi Zlatan Ibrahimovichni o‘z safiga qo‘shib olgandi.

Genrix Mxitaryan o‘z futbolchilik faoliyatini Armanistonning «Pyunik» klubida boshlagan. Keyinroq u Ukrainaning «Metallurg» va «Shaxtyor» jamoalarida faoliyatini davom ettirdi. 2012 yili esa u «Borussiya»ga kelgan. Armaniston terma jamoasi uchun Mxitaryan 59 uchrashuv o‘tkazgan.  Germaniyadagi Kicker nashri Mxitaryanni o‘tgan mavsumning eng yaxshi futbolchisi deb topdi. U «Borussiya» tarkibida Germaniya Superkubogini qo‘lga kiritgan.

Manba: Tribuna.Uz

Top