09:42 / 05.07.2016
13345

Moskva jome' masjidida Hayit namozi o‘qilishi arafasida tutun buruqsidi

Moskva shahridagi eng katta masjidda Ramazon oyi yakunlanishi munosabati bilan hayit namozi o‘qilishiga tayyorgarlik ko‘rilayotgan vaqtda favqulodda vaziyat yuzaga keldi. RIA Novosti agentligi xabariga ko‘ra, bino hududida tutun paydo bo‘lgan.

«Masjid hududida tutun paydo bo‘ldi. Vahimaga tushmasdan binoni tark etish so‘raladi», — deyilgan bu vaqtda.

Qayd etilishicha, bu paytda Rossiya musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy shayx Ravil Gaynutdin o‘z ma'ruzasini to‘xtatishga majbur bo‘lgan.

Hodisa bartaraf etilgach, masjidda marosim davom ettirilgan.

Bundan oldinroq, 5 iyul kuni Moskvada Ramazon hayiti namozi o‘qiladigan joylar ro‘yxati e'lon qilingandi.

2015 yil 23 sentabr kuni, musulmonlarning muqaddas bayrami — Qurbon hayiti arafasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin va xorijiy davlatlar rahbarlari ishtirokida Moskva jome' masjidining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tgandi.

Ma'lumot uchun, 1904 yilda ochilgan Moskva jome' masjidi rekonstruksiya qilingan. Masjid joylashgan hudud 964 kvadrat metrdan 18 900 kvadrat metrga kengaytirilgan. Bino olti qavatdan iborat, 7 ta lift bilan jihozlangan. Masjid bir paytning o‘zida 10 minggacha kishini sig‘dira oladi.

Top