14:30 / 07.07.2016
6778

Germaniya - Fransiya: Taxminlar bahsi

Aslida futbol taxminlarni yoqtirmaydi. Millionlar o‘yinining bor jozibasi ham mana shunda bo‘lsa kerak. Chunki, ishqibozlarga o‘yin qanday hisob bilan yakunlanishi ma'lum bo‘lsa, stadion tomon oshiqmagan yoki televizor orqali beriladigan translyatsiyani orziqib kutmagan bo‘lar edi. Bizning quyidagi taxminlarimiz raqib jamoalarning ayni paytdagi tarkibi va boshqa omillardan kelib chiqib keltirilgan xulosa va farazlar, xolos.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy Yuriy Sarkisyan hamda sport jurnalisti Elmurod Ermatov Yevro – 2016 doirasidagi yarim final bahsi oldidan o‘z tahlillari bilan o‘rtoqlashishdi.

Germaniya - Fransiya kim g‘olib bo‘ladi?

Yuriy Sarkisyan, futbol murabbiyi:

- Aslida bu juda qiyin savol, chunki men hech qachon bo‘lajak o‘yin oldidan taxmin qilmaganman. Futbolda qaysi jamoani murabbiy bo‘lajak o‘yinga munosib tayyorlagan bo‘lsa, o‘sha jamoada g‘alaba qozonadi. Frantsuzlar hali musobaqa davomida haqiqiy kuchini namoyish etishga mos raqib bilan to‘qnashganlari yo‘q. Lekin, ularda g‘olib chiqishlari uchun eng zo‘r omil bor: Desham shogirdlari o‘z uylarida, qadrdon ishqibozlari qarshisida to‘p suradi. Stadionga tashrif buyurganlarning 90 foizi quvvatlab turishi “uchranglilar”ga o‘zgacha kuch berishi aniq. Ular kam kuch yo‘qotganlar, sababi islandlar bilan bo‘lgan 1/8 bahsi juda oson kechgan. Nemislar esa Italiya termasi bilan og‘ir o‘yin o‘tkazdi. Mezbon jamoada har doim ustunlik bo‘lgan va mazkur jihat ertaga ham o‘z so‘zini aytadi.

Elmurod Ermatov, sport jurnalisti:

- Nemislar chorak finalgacha o‘z darvozasidan birorta ham gol o‘tkazmay yetib kelishdi. Italyanlarga qarshi o‘yinda o‘tkazilgan yagona gol ham o‘yin oxirida penaltidan kiritilgan. Terma tarkibida yarim final bahsini Sami Xedira va Mario Gomes jarohat tufayli, Mats Xummels esa diskvalifikatsiya tufayli o‘tkazib yuborishiga qaramay, Bastian Shvaynshtayger va Benedikt Xevedeslar umumiy guruhga qaytishgan. Lyov shogirdlari “uchranglilar”da mavjud kuchli hujum chizig‘ini hisobga olgan holda, ehtiyotkorlik bilan to‘p surishadi. Nemislar o‘zlarining intizomga asoslangan samarali o‘yinini yana bir bor namoyish etishlari aniq. Har ikki terma o‘z darvozasi tomonga alanglab o‘tkazadigan o‘yinda barchasini bitta gol hal qilsa kerak va o‘sha gol nemislar tomonidan kiritiladi.

Elmurod Ermatov, Andijon

Top