16:08 / 07.07.2016
13008

Ozariy mug‘omlar taralganda...

Ozarbayjonda sharq madaniyati va musiqasiga e'tibor juda katta. Haydar Aliyev nomidagi Fondining asosiy maqsadlari orasida Ozarbayjonda milliy-ma'naviy qadriyatlarni saqlab qolish, ozariy madaniyatini butun dunyoda targ‘ib-tashviq qilish ham bor. Mana shu ezgu ishlarni amalga oshirish maqsadida Bokuda Xalqaro mug‘om markazi tashkil etilgan. Ma'lumki, ozarbayjon mug‘omi (maqomi) 2008 yilda YuNeSKO tomonidan Insoniyatning nomoddiy merosi durdonasi ro‘yxatiga kiritilgan.

2005 yilda Haydar Aliyev fondi prezidenti Mehriban xonim Aliyeva rahbarligida taniqli xonanda va mug‘om bilimdonlari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi. Davra suhbati ishtirokchilari bir ovozdan Bokuda Xalqaro mug‘om markazi tashkil etilishini qo‘llab-quvvatladilar.

2005 yilning 24 avgustida Ilhom Aliyev, rafiqasi Mehribon xonim Aliyeva va YuNeSKOning o‘sha vaqtdagi Bosh direktori Koishiro Matsura Mug‘om markazining poydevoriga birinchi tosh qo‘yish tadbirida ishtirok etdi. 2006 yilning 6 aprel kuni mamlakat prezidenti Ilhom Aliyev Bokuda Xalqaro mug‘om markazi tashkil etilishi to‘g‘risidagi farmoyishni imzoladi. Xalqaro Mug‘om markazi 2008 yilning 27 dekabr kuni rasman ochildi.

Umumiy maydoni 7,5 ming kvadrat metrni tashkil qiluvchi markaz binosi sharq musiqa asboblaridan biri bo‘lmish – torni eslatadi. Uch qavatli binoda 350 tomoshabinga mo‘ljallangan konsert zali, klub, ovoz yozish studiyasi, repetitsiyalar xonasi, 80 o‘rinli  “Ud” restorani bor. Bino Italiya, Avstriya, Fransiya va Turkiyadan olib kelingan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Xalqaro Mug‘om markazida yosh ijrochilar maqomning nozik sirlarini o‘rganishadi. Markazda taniqli xonandalar ishtirokida konsertlar, xalqaro konferensiya va festivallar o‘tkaziladi.  Xalqaro Mug‘om markazida tashkil etilgan muzeyga taniqli mug‘om ijrochilarining byustlari o‘rnatilgan. Bugungi kunda Ozarbayjon mug‘omi (maqomi) dunyoga tanilmoqda. 2009 yildan boshlab har yili Xalqaro Mug‘om markazida Mehribon Aliyeva tashabbusi bilan Haydar Aliyev jamg‘armasi ko‘magida an'anaviy Xalqaro maqom festivali tashkil etilmoqda. Undan ko‘zlangan maqsad butun dunyoni maqom bilan tanishtirish hamda sharq musiqasi an'analarini saqlab qolishdan iborat. Yildan yilga bu festivalda ishtirok etuvchilar soni oshib bormoqda.

2009 yilda o‘tkazilgan “Mug‘om olami” xalqaro festivalida o‘zbekistonlik iqtidorli xonanda ­ Yulduz Turdiyeva g‘olib bo‘ldi. Uning ijrosidagi “Qorabog‘ shikastasi” qo‘shig‘i barchani lol qoldirdi. Yulduz Turdiyeva ijro etgan “Qorabog‘ shikastasi” maqomi ozarbayjonliklar qalbini zabt etdi¸ deb ëzdi Boku gazetalari.

Ozariy poytaxtida bo‘lib o‘tgan jahon maqom qo‘shiqchilari bellashuvida¸ Buxoroning chekka qishlog‘idan kelgan talaba qiz Yulduz Turdiyeva¸ maqomchilikdagi yangi iste'dod, deya tan olindi. O‘shanda jurnalistlardan birining “Mukofot berilaëtgan paytda nega yig‘ladingiz?”, degan savoliga Yulduz Turdiyeva shunday javob bergan edi: “To‘g‘risi, men kutmagan edim. Men “Qorabog‘ shikastasi” mug‘omini o‘rganganimda juda murakkab edi. Men o‘zi Ozarbayjon mug‘omini yurakdan yaxshi ko‘raman. Birinchi o‘rin deb e'lon qilganlarida yig‘i ichimdan keldi. Endi bu yerda Osiëning boshqa davlatlaridan¸ Sharq davlatlaridan¸ Arab davlatlaridan¸ Misrdan ishtirokchilar bor edi. Men avvaliga hayajonlandim, qo‘rqdim. O‘zbek maqomini qo‘rqib aytdim. Lekin, bir qarsak bo‘lgandan keyin o‘zimni tutib olib, “Qorabog‘ shikastasi”ni boshqacha kayfiyatda aytdim. Men uchinchi o‘ringa ham xursand bo‘lardim. Shu konkursga qatnashishning o‘zi bir baxt. Bu yerda hamma davlatlardan tanishlar orttirdim. Hamma menga “O‘zbekistondan kelib Ozarbayjonning “Qorabog‘ shikastasi”ni ijro qilding. Rahmat senga” deb aytib¸ meni yurakdan tabriklashdi”.

2013 yilning 21-24 oktabr kunlari Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida bo‘lib o‘tgan “Mug‘om” nomli V xalqaro qo‘shiq festivalida yurtimiz yoshlari ham munosib ishtirok etdi. Festivalda “Bayoti sheroz” nomli Ozarbayjon xalq qo‘shig‘ini maromiga yetkazib ijro etgan Ruxsora Obloqulova III darajali diplomga munosib deb topildi. Ishtirokchilar orasida eng yosh mahoratli ijrochi deb topilgan Doniyorbek Jasurbekov festivalning maxsus diplomi bilan taqdirlandi. Festivalda qatnashgan Oybek Madrahimov, Ruxsora Obloqulova, Dildora Abdusattorova, Jamshid Mo‘minov, Baxtiyor Ne'matov, Doniyorbek Jasurbekov muxlisu mutaxassislar e'tirofiga sazovor bo‘ldi.

Boku shahridagi xalqaro mug‘om (maqom) markazida taniqli o‘zbek xonandasi Sevara Nazarxonning “Yangi ipak yo‘li” deb nomlangan ilk solo-konserti bo‘lib o‘tdi. Caspian jurnali homiyligida tashkil qilingan ushbu konsertga juda ko‘p haqiqiy maqom muxlislari to‘plandi. Unda o‘zbek milliy ashulalari ijrochisi Sevara Nazarxon o‘zbek va rus tillaridagi qo‘shiqlari bilan tomoshabinlarga xush kayfiyat ulashdi. Ayniqsa, uning etno-kompozitsiyalar vositasida havola etgan chiqishlari muxlislar olqishiga sazovor bo‘ldi. Kontsert yakunida Sevara Nazarxon tomoshabinlarga ozarbayjonlik san'atkorlar - Ravshan Gurbanov va Elnur Zeynalov jo‘rligida ijro etgan ikkita yangi qo‘shiqni hadya etdi. Bu qo‘shiqlar Ozarbayjon mug‘omi sifatida tanilgan “Bayoti-Sheroz” hamda o‘zbek milliy kuylari uyg‘unligida yaratilgan.

Sharofiddin To‘laganov

Top