09:20 / 07.07.2016
7059

Uels bosh murabbiyi: Yevro-2016dagi o‘yinlari uchun Beylning qarshisida tiz cho‘kishga tayyorman

Uels terma jamoasi bosh murabbiyi Kris Koulmen Yevro-2016 turniri yarim finalida Portugaliyaga qarshi kechgan 0:2 hisobidagi mag‘lubiyatli o‘yindan keyingi fikrlarini bildirib o‘tdi. U o‘z jamoasining hamda jamoa hujumchisi Garet Beylning turnir davomida ko‘rsatgan o‘yinlaridan mamnun bo‘lganini ta'kidladi.

«Men jamoam o‘yinlaridan faxrlanaman. Taassurotlarimni ifodalashga so‘z topa olmayapman… Yarim final — bu Uels uchun katta natija. Bu muvaffaqiyatni hech kim kutmagandi. Lekin biz bunga erishish uchun 200 foiz kuch bilan harakat qildik.

Bu o‘yinda kim birinchi gol ursa, g‘alaba o‘shaniki edi. Afsuski bizda imkoniyatlar bo‘lmadi. Portugaliyaga tan berish lozim, ular juda yaxshi himoyalanib, biz uchun bo‘sh hududlarni qoldirishmadi. Biz diqqat e'tiborni 5 daqiqaga susaytirdik, natijada Portugaliya bizni zudlik bilan jazoladi.

Yevro davomida meni norozi qilgan birgina o‘yin — Angliyaga qarshi o‘yin bo‘lgandi. O‘shanda biz o‘z yuzimizni yo‘qotib qo‘ygandik. Qolgan o‘yinlarda esa haqiqiy yuzimizni ko‘rdingiz. Menimcha Uelsning yuzi ko‘pchilikka yoqdi.

Remsi darajasidagi futbolchining yo‘qotilishi har qanday terma jamoa muraybbiyi uchun qayg‘uli bo‘lardi. U juda mahoratli futbolchi. Bugun biz Portugaliya himoyasini yorib o‘ta olmadik. Aaron esa bu ishni qanday uddalashni ko‘rsatib qo‘ygandi…

Beyl? U ham inson. U bor imkoniyatlarini ishga soldi. U hamishagidek juda ko‘p yugurdi va maydonda xuddi qon kechgan kabi kurash olib bordi. Lekin uning yolg‘iz o‘zi g‘alaba keltira olmasdi. Garet turnirni ajoyib o‘tkazdi. Men unining qarshisida Yevro-2016dagi o‘yinlari uchun tiz cho‘kishga tayyorman va unga cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman», — deya Koulmenning so‘zlarini keltiradi «Chempionat».

«Portugaliya ajoyib ravishda himoyalandi. Birinchi golni qo‘yib yuborganimizdan keyin konsentratsiyani yo‘qotdik, futbolchilar qo‘rqib o‘ynay boshlashdi… Baxtga qarshi tez jazolandik. Biz oxirigacha kurashdik, ammo biron narsani o‘zgartirish imkoni bo‘lmadi. Portugaliyaga omad tilaymiz, finalda g‘alaba yor bo‘lsin.

Ha, bugun Portugaliyaning yettinchi raqamli futbolchisi zo‘r o‘ynadi… Familiyasini eslay olmayapman — u juda zo‘r sakrar ekan! (Kuladi)

Agar jiddiy aytadigan bo‘lsak, Ronaldu — hamisha hayron qoldiruvchi futbolchi. Uning qay darajadagi saviyali futbolchi ekanini siz shundoq ham bilasiz. Albatta, biz u ikkinchi qavatda juda xavfli ekanini bilardik… Lekin baribir uni to‘xtatib qola olmadik. Axir bunday buyuk futbolchilarni to‘xtatib bo‘larmidi.

Portugaliyani ko‘plar o‘yin uslubi uchun tanqid qilishdi. Lekin, jurnalistlar ham nimadir yozishi kerakku… Menimcha, ularda katta jamoa jamlangan. Bugun men haqiqiy jamoani ko‘rdim. Portugaliya — faqat birgina Krishtianu Ronaldudan iborat emas. Bu omilkorlik bilan tashkil etilgan jamoa. Ular nima istashayotganini yaxshi bilishadi. Ularni to‘xtatish oson emas. Bunga Germaniya yoki Fransiya ham erishishi qiyin. Portugaliyada Yevropa chempioni bo‘lishga real imkoniyatlar mavjud», degan murabbiy.

Manba: Tribuna.uz

Top