21:31 / 07.07.2016
4942

O‘zbekistonlik tennischi “Uimbldon – 2016” turnirining  chorak finaliga yo‘llanma oldi

O‘zbekistonlik tennischi Jo‘rabek Karimov Angliyaning London shahrida o‘smirlar o‘rtasida “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi “Uimbldon – 2016” turnirining chorak finaliga yo‘llanma oldi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

Jo‘rabek yakkalik bahslarida dastlab germaniyalik Luis Vessels, ikkinchi davrada Buyuk Britaniya tennischisi Jay Klarke, uchinchi bosqichda yaponiyalik Yusuke Vatanukini mag‘lubiyatga uchratdi. Tennischi chorak finalda gretsiyalik Stefanos Tsitsipasga qarshi kortga chiqadi. 

Jo‘rabek Karimov germaniyalik Daniel Altmayyer bilan juftlik bahslari birinchi davrasida AQSh tennischilari Uilyam Blumberg va Natan Ponvitni 6:4, 6:7, 6:4 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va ikkinchi davrada serbiyalik Miomir Kejmanovich va norvegiyalik Kasper Ruud bilan raqobatlashadigan bo‘ldi.

Nigina Abduraimova  Xitoyda Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan xotin-qizlar o‘rtasida tashkil etilgan “Yuxi – 2016” xalqaro turnirida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.

U turnirning dastlabki bosqichlarida ikki uchrashuvda xitoylik tennischilar Yiksian Li va Tingting Peini mag‘lubiyatga uchratdi. Yarim final yo‘llanmasi uchun o‘tkaziladigan bahsda Nigina mezbon tennischi Janlan Vei bilan kuch sinashadigan bo‘ldi.

Top