10:40 / 09.07.2016
25185

Ota o‘g‘li bilan 40 yil yakka holda o‘rmonda yashagandan keyin odamlar orasiga qaytdi

Vetnamning Kuangngay viloyatidagi o‘rmonlarda Vetnam urushi (1956-1975) vaqtlaridayoq AQShning bombardimonlaridan jungliga qochgan ota va o‘g‘il bu yerlarda yakka holda 40 yildan ko‘proq yashadi. 

"Zan Vet"portalining ma'lum qilishicha, hozirda ota-o‘g‘il zamonaviy hayotga moslashish  davridan o‘tmoqdalar. Ular bunday hayotni yovvoyi tabiat sharoitlarida butkul unutib qo‘yganlar. 

Google image
Google image

Ota-o‘g‘ilning iziga birinchi bo‘lib ularni junglida topa olgan qarindoshi chiqdi va ularni zamonaviy hayotga qaytishga ko‘ndirdi. Qochqinlar ancha vaqt pastga tushishdan bosh tortishdi, biroq 80 yoshdan oshgan otaga tibbiy yordam zarur bo‘lib qoldi. Shundan keyin ular yaqin oradagi qishloqlardan biriga ko‘chib o‘tishga rozi bo‘lishdi.

Vaqt o‘tib ota va o‘g‘il tarixi bilan Vetnamda ishlovchi xorijiy tadbirkorlar qiziqib qolishdi. Ular orasida sayyoramizning eng olis burchaklariga ekzotik safarlarni tashkillashtirishga ixtisoslashgan, bosh qarorgohi Gonkongda joylashgan Docastaway sayyohlik kompaniyasi direktori Alvaro Tserezo ham bor edi. Aynan u sababli jamoatchilik ota va o‘g‘il haqida xabar topishdi.

"Tarzan"lar bilan o‘zaro ishonchli suhbat o‘rnatilgandan keyin ular o‘zlari va hayotlari haqida so‘zlab berishdi. Ota – Xo Van Txan mamlakatning xorijiy okkupatsiyadan mustaqilligi uchun kurash davrida kommunistlar tomonida jang qilgan, biroq 1972 yilda kichik yoshli o‘g‘li Xo Van Lang bilan AQSh harbiy-havo kuchlarining dahshatli bombardimoniga tushib qolib, o‘rmonga qochgan. Ularning qishlog‘i to‘liq vayron bo‘lgan, ularning deyarli barcha yaqinlari halok bo‘lgan. Ota va o‘g‘il muntazam ravishda AQSh aviatsiyasi uchun nishon bo‘lgan aholi punktlaridan uzoqroq yurishga qaror qilishgan.

"Yaqinda odamlar paydo bo‘lganda ham biz ular bilan uchrashmaslikka harakat qilardik va o‘rmonga ichkariroq kirib ketardik", deb eslamoqda ota. Yaqin kunlargacha u urush davom etayotganiga ishonchi komil bo‘lgan va shuning uchun darbadar hayot kechirgan.

"Ular junglilarda yashash davrida u yerdagi hayotga hayratlanarli tarzda yaxshi moslashib olishgan. Bu yigitlar o‘rmonda topish mumkin bo‘lgan barcha narsa: o‘t va giyohlar, mevalar, asal va hayvonlar go‘shtlari bilan oziqalanib yurishgan. Eng hayratlanarlisi – ular yovvoyi tabiatda o‘zlarining qorinlarini to‘yg‘aza olish malakalari", deb aytdi qochqinlar bilan aloqa qo‘llab-quvvatlovchi Tserezo jurnalistlarga bergan intervyusida. Uning aytishicha, ota-bola o‘rmondagi maymun, kalamush, ilon, qurbaqa, baliq va hattoki ko‘rshapalaklarni ham epchillik bilan tutib, nimtalab, iste'mol qila olishgan.

"Ayniqsa o‘g‘il bilan gaplashish qiziqarli. U o‘zini yosh boladek tutadi, vaqt haqida umuman tushunchaga ega emas, unga faqatgina kun va tungina mavjud, u kunning boshqa belgilarini bilmaydi", deb aytmoqda tadbirkor. Sayyohlik firmasi rahbari "Kichik Xo" hali ham elektr nimaligini, uning mamlakatida va dunyoda nimalar yuz berayotganidan bexabar ekanligini aytdi.

40 yil ichida darbadarlar deyarli hech qachon sog‘liqlaridan shikoyat qilmaganlar. "Ba'zida oshqozonimiz og‘rirdi", deb tan olmoqda qariya. Ularning salomatligi bilan muammolar qishloqqa ko‘chib o‘tganlaridan keyin boshlangan – uzoq vaqt yakka hayot kechirgan ota-bolada bir qator kasalliklarga immunitet bo‘lmagan.

Ayni vaqtda yoshi 50 ga yaqinlashib qolgan o‘g‘il zamonaviy hayotga biroz moschlasha oldi. U kichkinagina yerda dehqonchilik qilib, uylanishni rejalashtirmoqda.

 



 

Top