19:37 / 11.07.2016
5813

Andrea Ledsom Angliya bosh vazirligi uchun saylovdan o‘z nomzodini qaytarib oldi

Foto: TASS

Buyuk Britaniya energetika vaziri o‘rinbosari Andrea Ledsom Konservativ partiya yetakchisi va mamlakat bosh vaziri lavozimi uchun saylovda ishtirok etmasligini ma'lum qildi. Bu esa mamlakat bosh vazirligi uchun saylovda yagona nomzod sifatida Ichki ishlar vaziri Tereza Mey qatnashishini anglatadi.

«Mamlakatimiz manfaatlari zudlik bilan kuchli yetakchi saylanishini talab etadi. Men Tereza Meyga barcha yaxshiliklarni tilayman», — deya Ledsomning so‘zlarini keltiradi The Telegraph.

Shu tariqa, Margaret Tetcher zamonidan buyon birinchi marta Buyuk Britaniya bosh vaziri ayol kishi bo‘ladi.

7 iyul kuni Buyuk Britaniya parlamentariylari orasida Konservativ partiya yetakchisi va mamlakat bosh vaziri lavozimiga nomzod haqidagi masala bo‘yicha ovoz berishning ikkinchi va so‘nggi davrasi yakunlandi. Unda Tereza Mey, Andrea Ledsom va adliya vaziri Maykl Gouvdan iborat uch nomzoddan ikki ayol qolgandi. Mey 199ta, Ledsom 84ta, poygadan chiqib ketgan Gouv bor-yo‘g‘i 46ta ovoz to‘plagandi.

So‘rovnomalar aholining katta qismi Tereza Meyni qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rsatdi.

Eslatib o‘tamiz, Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron, qirollik aholisi referendumda mamlakatning Yevropa Ittifoqidan chiqishi uchun ovoz berganidan so‘ng, iste'fo berishini ma'lum qilgandi.

Top