19:40 / 11.07.2016
12181

Indoneziya - vulqonlar mamlakati

Indoneziyaning Bali orolida joylashgan, xalq tilida “Denpasar” deb ataluvchi, Ngurax-Ray xalqaro aeroporti chorshanba kuni berkitildi. Bunga Raung nomini olgan vulqonning o‘zidan kul otishi sabab bo‘ldi.

Mamlakat transport vazirligining vakili Ja Barat “aeroport qachon o‘z faoliyatini qayta tiklashi aniq emas”ligini ma'lum qildi. Muxbirlarning xabar qilishicha, Yava orolidagi ichki yo‘nalishlarga xizmat ko‘rsatuvchi yana ikkita aeroport berkitilgan. Ma'lumki, shu oyda bu aeroport ikki marta faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan edi. Bu o‘z navbatida, 900 ta parvozning bekor qilinishi yoki keyinga qoldirilishiga sabab bo‘ldi.

Raung vulqoni Surabay shahridan 180 kilometr g‘arbda joylashgan. Tabiiy ofatlarni bartaraf etish Milliy boshqarmasi Axborot markazi rahbari Sutopo Purvo Nugroxoning aytishicha, vulqonning tutuni 2 ming metrgacha yetgan. Aholining xavfsiz joyga olib chiqilishi ko‘zda tutilmagan. Indoneziyada 130ga yaqin vulqon bo‘lib, aviakompaniyalar vulqon otilishi bois samolyot parvozlarini to‘xtatib turadi.

Mutaxassislarning so‘zlariga qaraganda, amaldagi vulqonlar insoniyat uchun katta xavf-xatar tug‘diradi. Tarixda vulqonlar yer yuzida iqlim o‘zgarishlariga sabab bo‘lgani ko‘plab uchragan. Ma'lumki, vulqondan bir necha kilometr balandlikka otiladigan kullar quyosh nurlarini o‘tkazmaydi. Bu esa, o‘z navbatida, kunlarning sovib ketishiga olib keladi. Biroq bugungi kunda vulqonlarning faolligi yaxshilikka deydiganlar ham bor. Chunki global isishlar ayni vulqonlar sabab to‘xtashi mumkin, degan fikrlar aytilmoqda.

Ammo vulqonlar atrofidagi odamlarning ko‘zidagi qo‘rquvlarni ham yoddan chiqarish kerak emas. Chunki ular vulqon qachon uyg‘onishini aniq bilishmaydi. Vulqonlar tufayli har yili insoniy talofatlar qayd etiladi. Masalan, 1815 yilning aprel oyida Indoneziyada uyg‘ongan Tambora vulqoni ikki kun mobaynida 90 mingdan ortiq kishining hayotiga zomin bo‘ldi.

Tahlilchilarining fikricha, nafaqat vulqon atrofida yashaydigan insonlarning, balki bir necha yuz kilometr uzoqdagi odamlarning ham hayoti xavf ostida qolmoqda. Chunki vulqondan xavfli lavadan tashqari tonnalab kullar atmosferaga otiladi. Tarkibida zaharli moddalar bo‘lgan kullar barcha tirik mavjudotlarga, jumladan, insonlarga tahdid demakdir. Zaharli havo o‘limga sabab bo‘lishi mumkin. Suv osti vulqonlari esa sunamilarni keltirib chiqaradi. Shuni aytish kerakki, bugungi kunda vulqonlar keltirayotgan zarar va insoniy talofatlar avvalgilariga nisbatan kamaygan. Bunga hukumatlarning ko‘rayotgan chora-tadbirlari, jumladan, monitoring tizimining yo‘lga qo‘yilishi va aholini o‘z vaqtida xavfsiz joyga olib chiqilishi natijasida erishilmoqda.

Lavadan tashqari vulqonlar kul va suvlar qorishmasi bo‘lmish balchiqlarni keltirib chiqaradi. Balchiqlar yo‘lida uchragan barcha narsalarni, shu jumladan, aholi punktlarini xonavayron qiladi.

Eng fojiali tomoni shundaki, vulqonlarning oldini olishning mutlaqo imkoni, jumladan, vulqonlarning og‘zini betonlab tashlashning iloji yo‘q. Vulqonlar kuchli bosim bilan otiladi. Shu sababli ham mahalliy aholi hamisha sergak bo‘lishi kerak.

Indoneziya sharqidagi Yava orolida xavfli Kelud nomini olgan vulqon bor. So‘nggi bir asr davomida mazkur vulqon oqibatida 5 mingdan ortiq inson halok bo‘ldi. Bu vulqonning eng faollashgani 16-asrda kuzatilgan bo‘lib, o‘shanda 10 mingdan ortiq kishi hayot bilan vidolashgan edi. XX asr boshlarida mazkur vulqon “qayta shakllandi”. Vulqonning navbatdagi faollashuvi oqibatida “krater ko‘li” paydo bo‘lib, bu ko‘l 5 ming kishining o‘limiga sabab bo‘ldi. 1919 yilda Yava aholisi odatga ko‘ra turmush kechirishar edi. Ayrim odamlargina tez orada vulqon uyg‘onishi ehtimolidan ogohlantirishdi. Biroq ularning gaplariga hech kim ishonmadi. Chunki kraterdan tutun chiqmayotgan va kul otilmayotgan edi. Mana shu beg‘amlik qimmatga tushdi. Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, vulqon ustidagi katta suv hajmi tutun va kulning chiqishiga yo‘l bermagan ekan. Ana shu holat bug‘ qozoni paydo qilib, katta bosimga sabab bo‘lgan. Krater ko‘lidagi suvning isib ketishi yuqori bosimga olib kelgan va kuchli portlashni keltirib chiqargan.

O‘tgan asrda Kelud vulqoni vaqti-vaqti bilan uyg‘onib turdi. Eng so‘nggi bor 2014 yilning fevralida uyg‘ondi. Hodisa oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi. Kelud vulqonining faollashuvi nafaqat Indoneziya, balki qo‘shni Malayziya iqtisodiyotiga milliardlab dollar miqdorida ziyon yetkazdi.

Indoneziyadagi yana bir Krakatau vulqoni jahondagi eng xavfli ekani aytiladi. Krakatau vulqoni Sumatra va Yava orollari oralig‘ida joylashgan. Krakatau vulqoni tez tez faollashib turadi. Jurnalistlar Krakatau vulqonini tabiat mo‘'jizasi deb atashadi.

Sharofiddin To‘laganov

Top