20:31 / 12.07.2016
5109

Andijonda stomatologlar anjumani bo‘lib o‘tdi

Andijonda “Stomatologiyaning dolzarb muammolari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston stomatologlar uyushmasi, Toshkent davlat stomatologiya instituti Andijon filiali hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida aholining sog‘ligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha xodimlarining bilimi va kasb mahoratini oshirish, kasalliklarni aniqlash va davolashda ilm-fan yutuqlari va zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanishga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi. 

– Stomatologiya sohasida zamonaviy va ilg‘or texnologiyalardan foydalanish, ayniqsa, og‘iz bo‘shlig‘i va tish kasalliklarining oldini olish va samarali davolash borasida yaxshi natijalarga erishilmoqda, – deydi O‘zbekiston stomatologlar uyushmasi raisi Adham Hasanov. – Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yuqori bosqichga ko‘tarish, muammolarni bartaraf etish, ilg‘or ish uslublari va tajribalarni ommalashtirishga bag‘ishlangan ushbu tadbir barcha uchun g‘oyat foydali bo‘ldi. 

Tadbirda “O‘zbekiston stomatologiyasining istiqbollari”, “Og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qavati kasalliklarini davolash standartlari”, “O‘zbekistonda stomatolog mutaxassislarning malaka oshirishi uchun yaratilgan imkoniyatlar”, “Stomatologiyada qo‘llaniladigan zamonaviy plomba ashyolari” kabi mavzularda ma'ruzalar tinglandi. 

Anjuman doirasida yurtimizda faoliyat yuritayotgan tibbiy va farmatsevtik kompaniyalarning dori-darmonlari, stomatologik kasalliklarning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga doir qo‘llanmalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. 

Top