18:36 / 12.07.2016
16513

Yevro-2016 turniridagi ishtiroki tufayli kuchli klublarga yo‘l olishi mumkin bo‘lgan 10 futbolchi

Arkadiush Milik, Yonas Hektor, Sigurdsson va yana boshqa bir qator futbolchilar Yevropa chempionatidagi ishtiroki orqali o‘zlariga diqqatni jalb etdi. Bu futbolchilar ayni vaqtda kuchliroq jamoalar nazariga tushgan.

Andre Gomesh, Portugaliya

Gomeshning naqadar talantli futbolchi ekanini La Liga muxlislari u o‘tgan mavsumda ko‘rsatgan o‘yinlar orqali bilib ulgurishgan. U «Valensiya»da o‘zini har tomonlama ko‘rsatdi va jamoaning o‘ng qanotida tezlik hamda ijodkorlikni ta'minladi. U shunday ishni Portugaliya terma jamoasida ham namoyish etib, Yevropa chempioniga aylandi. Muxlislar hozirdanoq Gomeshning «ko‘rshapalaklar» jamoasini tark etishiga tayyorlanishmoqda. U «Barselona»da Dani Alvesning ishini davom ettirishi kutilmoqda.

Arkadiush Milik, Polsha

Robert Levandovskiga Polsha terma jamoasi hujum chizig‘ida sherik hisoblanadigan yosh futbolchiga katta umid bildirilmoqda. Yevro-2016 davomida Milik o‘zini yorqin ko‘rsata olmadi, lekin himoyachilar Levandovskidan ko‘ra uni qo‘riqlashga ko‘proq e'tibor qaratishgani ko‘p narsadan dalolat. Turnirda «Ayaks» hujumchisi bitta gol urdi, lekin yuqori saviyali hujumchilar darajasida harakat qildi. Ekspertlar Milik Erediviziya darajasini bosib o‘tgani haqida aytishmoqda. Hozircha «Everton» ushbu futbolchiga qiziqish bildirmoqda. 

Yonas Hektor, Germaniya

Germaniya terma jamoasidagi o‘ziga xos futbolchi. Hektor uzoq vaqt davomida havaskor futbolchi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. U Bundesligada 24 yoshida debyut qilgan va 1,5 yil avval ilk marta Germaniya terma jamoasiga chaqiruv olgan. Lekin u hozirda «bundestim»ning almashtirilmas futbolchisiga aylanib bo‘ldi. Yonas himoyaning chap qanotida ham mudofaani ham, hujumni ham birdek ta'minlaydi. Penaltilar seriyasi vaqtida aynan uning hal qiluvchi zarbasi evaziga Germaniya Yevro-2016 turniri chorak finalida Italiyani mag‘lub etdi. Hozirda u 26 yoshda va u hozircha kamtargina «Kyoln» jamoasi a'zosi. Lekin u bu jamoada uzoq vaqt qolmasligi mumkin.

Kamil Grositski, Polsha

Grositski Polsha yoshlar jamoasidagi o‘yinlari orqali ham ko‘pchilikning nazariga tushgandi. Lekin uning o‘yinga jon-jahdi bilan kirishi va og‘ir xarakteri undagi salohiyat to‘la namoyon bo‘lishiga to‘sqin bo‘lib keldi. O‘z kuchini Shveytsariyaning «Son» va «Yagelloniya» hamda Turkiyaning «Sivasspor», Fransiyaning «Renn» jamoalarida o‘tkazgan futbolchi 28 yoshida yana terma jamoaga jalb etildi. U raqib mudofaasini tinimsiz ravishda bosim ostida tutib turadi, Shveytsariyaga qarshi o‘yinda aynan uning harakatlari evaziga Yakub Blashchikovskining goli yuzaga keldi. Agar Kamil shu ruhda o‘ynashda davom etsa, «Renn» uni yaxshigina pul evaziga sotadi.

Jyeff Hendrik, Irlandiya

24 yoshli Hendrik Irlandiya terma jamoasining eng yosh futbolchisi edi. «Zumrad oroli» terma jamoasi turnirning 1/8 bosqichiga yetib kelib, barchada yaxshi taassurot qoldirdi. Terma jamoaning mashhur futbolchilari qatorida yosh Hendrik o‘ng qanotdagi o‘yinlari orqali o‘yinlarda faol bo‘ldi. Italiya ustidan qozonilgan sensatsion g‘alabadan keyin Jyeff jurnalistlar qarshisiga burger va bir shisha pivo ko‘targan holda chiqishdan uyalmadi. Hendrik chempionship vakili «Derbi Kaunti»da o‘ynashdan mamnun. Lekin u o‘zini boshqa kuchliroq ligada sinab ko‘rishga ham yo‘q demasligi tabiiy. 

Kris Ganter, Uels

Ganterning ishtiyoqi va kuchi Uelsning turnir yarim finaliga chiqib kelishida yordam berdi. Aynan u Kris Vouksning uzatmasidan keyin belgiyaliklar darvozasini ishg‘ol qildi. Shu bilan birga u himoyada ajoyib o‘yin ko‘rsatdi. Hozirda barcha Beylning fantastik harakatlarini, Remsi va Jo Allenning mahoratini muhokama qilmoqda, Ganter esa Angliya, Rossiya, Belgiya va boshqa jamoalarga qarshi o‘yinlarda qanotda ustunlik ko‘rsatdi. 26 yoshigacha Kris terma jamoa libosida 70 o‘yin o‘tkazdi. U APL jamoalaridan birida muqim o‘rin egallay oladi, «Reding» uning transferidan yaxshigina mablag‘ ishlashi mumkin.

Emmanuel Jakkerini, Italiya

Jakkerini bu ro‘yxatdagi boshqa futbolchilardan farq qilgan holda muqaddam kuchli jamoada o‘ynagan. 2011-2013 yillarda Emmanuele  «Yuventus» a'zosi bo‘lgan, lekin u asosiy tarkibga kira olmagach, «Sanderlend» safiga o‘tgan. Antonio Konte uni Yevro-2016ga olib bordi va u o‘zining qobiliyatlarini yana bir bor namoyish etdi. Asosiy tarkibda o‘yinlarga tushirilgan futbolchi o‘ziga bildirilgan ishonchni oqladi. Charchoq bilmas Jakkerini o‘yinlarda raqiblarni doimiy ravishda qo‘rquvga solish bilan band bo‘ldi. Uning guruh bsoqichida Tibo Kurtua darvozasiga yo‘llagan goli uni turnirga olib kelgani uchun Konteni tanqid qilganlarni jim qildi. Omadli ishtirokdan keyin futbolchi yana kuchli jamoa safida o‘ynashi mumkin.

Ragnar Sigurdsson, Islandiya

RFPLning Yevroda eng yaxshi ishtirok etgan vakili. «Krasnodar» jamoasi a'zosi bo‘lgan islandiyalik futbolchi terma jamoa qo‘rg‘oniga aylandi. Aynan Sigurdssonining o‘yinlari mittigina davlat turnirning asosiy sensatsiyasini qayd etishiga imkon berdi. U 30 yoshda bo‘lishiga qaramasdan APLning bir qator jamoalari uni o‘z tarkibiga qo‘shib olish uchun "navbatga turibdi".

Maykl Makgovern, Shimoliy Irlandiya

U haqida Yevro boshlangunicha deyarli hech kim bilmasdi. Makgovern butun faoliyatini shotland klublarida o‘tkazgan. Lekin Yevropa chempionatining guruh bosqichida  Maykl o‘zinin yuqori toifali futbolchi ekanini ko‘rsatib berdi. Bu darvozabon 16 seyv amalga oshirdi va ko‘plab nashrlar uni guruh bosqichining eng yaxshi darvozaboni sifatida e'tirof etishdi. 31 yoshli kiper shimoliy irlandiyaliklarning keyingi bosqichga chiqishida asosiy ishni bajardi.

Hal Robson-Kanu, Uels

Robson-Kanu hech qachon supertalantli futbolchi sanalmagan. U o‘z vaqtida «Arsenal» akademiyasida tahsil olgandi. 16 yoshida u «Reding» bilan shartnoma imzolaydi va shu vaqtgacha bu jamoadan ketmadi. Iyul oyida uning shartnomasi muddati yakunlandi. Jamoa u bilan shartnomani uzaytirmadi. Hal – kelib chiqishiga ko‘ra ingliz bo‘lib, yoshligida «uch sherlar» safida o‘ynagan. Lekin u keyinchalik buvasi tufayli Uels terma jamoasida o‘ynashga qaror qildi. Robson-Kanu terma jamoaning asosiy hujumchisi sanalmagandi, lekin u Yevro-2016 davomida bir necha o‘yinda o‘zini ko‘rsatib, ayniqsa Belgiya terma jamoasiga urgan goli orqali bir qator klublar diqqatini o‘ziga qaratdi.

Manba: Tribuna.uz

Top