10:33 / 12.07.2016
21216

Kun hikmati: ShUKR, ZIKR, FIKR

Boriga qanoat qil, ozod yasha,
Ey Rudakiy, odil va obod yasha.
O‘zingdan ortiqni ko‘rib g‘am yema,
Sendan ojizlar bor, ko‘rib shod yasha.

«Birovni ko‘rib fikr qil, birovni ko‘rib shukur qil, birovni ko‘rib zikr qil»-degan hikmat bor. Shunga monand Muhammad payg‘ambar «jim turganim fikr qilganim, toat-ibodat va ilmim shukur qilganim, so‘zlaganim zikr qilganim» deb e'tirof etganlar.

Inson dilida qanoat hissi bo‘lmassa to‘kinlik, rizq-ro‘z, nasiba ham but bo‘lmasligi ayon. Rudakiy hayot tarziga mezon bo‘lg‘uvchi tushunchalarni shunday e'tirof etadi: qanoat, ozodlik, odillik, obodlik va shodlik. Bularning inson hayotida o‘rni ham, qadri ham borligi ta'kidlanadi. Ruboiyda «yasha» undovidan oldin «ozod», «obod» va «shod» so‘zlarini keltirilishiga e'tibor bering. Yurtning ozodligi, shaxsning erkinligi bo‘lmasa, el-yurtda odillik va obodlik ham bo‘lmaydi. Adolat va farovonlik bo‘lmagan joyda shodlik bo‘lishi mumkinmi? Aslo yo‘q. Mana, Rudakiyning ijtimoiy-falsafiy qarashlari. Birovga baqamti bo‘lib yashash, bosh egik, qaram holda tutqunlikda kun kechirishdan ko‘ra, tik turib o‘lish afzalligi uqtiriladi. Yer va el qadrini bilish, ko‘ngildagi shukronalik, o‘zingga ravo ko‘rganni o‘zgaga ham ravo ko‘rishlik osoyishta va farovon hayotning o‘lchovi degan mazmunni anglash mushkul emas.

Xuddi shu mazmun Alisher Navoiyda boshqacha tarzda o‘z tasdig‘ini topadi. Mana u.
To hirsu havas xirmani barbod o‘lmas,
To nafsu havo qasri baraftod o‘lmas,
To zulmu sitam joniga bedod o‘lmas,
El shod o‘lmas, mamlakat obod o‘lmas.

Yirik mutasavvuflardan biri Shaqiq Balxiy shogirdi Ibrohim Adhamdan so‘raydi.
-Ne vaj ila umrguzaronlik etayapsan?
-Bo‘lsa yeymiz, bo‘lmasa sabr etamiz,-deydi shogird.
Ustozning jahli chiqdi.
-Sening bu ishingni bizning Xurosonning ko‘ppaklari ham qiladi. Ularga ham go‘sht, suyak tashlasang, yeydi, g‘ajiydi. Yo‘qsa, tilini chiqazib, dumini likillatib turaveradi.
-Unda siz nima qilasiz? -taajjublanib so‘radi shogird.
-Biz bo‘lsa baham ko‘ramiz, bo‘lmasa ham shukur qilamiz. Biz yonib-kuyib ishlaymiz. Barakatni harakatda deb bilamiz. O‘zimga qanday manfaat deb emas, o‘zgaga qanday manfaat yetdi,-deb kuyunamiz. 
Anglashilayaptiki, mutasavvuflar nazdida shukronalik va qanoat tushunchasi yanada chuqurroq ma'no kasb etgan.

Mavzuga oid
Top