18:49 / 12.07.2016
6078

Mansab vazifasini suiiste'mol qilgan uy-joy inspektori ashyoviy dalil bilan qo‘lga olindi

Bo‘ka tuman Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi uy-joy inspektori lavozimida ishlagan G‘ulom Kabirov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ham mansab vakolatidan foydalanib, boylik orttirishni maqsad qiladi. U tumandagi xonadonlardan birining kadastr hujjatlarini tayyorlab berish uchun “xizmat haqi” so‘raydi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.

Xususan, fuqaro Ma'pura Xasanova marhum otasining nomida bo‘lgan hovlini o‘zining nomiga rasmiylashtirish uchun uning kadastr hujjatlarini tayyorlamoqchi bo‘lib, G‘.Kabirovaga uchrashadi. O‘zoro suhbat jarayonida inspektor bu ish shunchaki bitmasligini aytib, undan pul talab qiladi. Ishi tezroq bitishiga umid qilgan M.Xusanova dastlab G‘.Kabirovga 300 ming so‘m pul beradi. Biroq oradan bir necha oy vaqt o‘tsa-da, uyning kadastr hujjatlari tayyor bo‘lavermaydi.

O‘tgan yilning oktabr oylarida uy egasi G‘.Kabirovga qo‘ng‘iroq qiladi va ishni tezroq bitirib berishini so‘raydi. Inspektor esa, dastlab bergan puli ishni bitirish uchun yetmaganini, yana 200 AQSh dollari bersa, hujjat tezda tayyor bo‘lishini ta'kidlaydi. Telefonda uning talablariga rozi bo‘lgan ayol G‘.Kabirovning xatti-harakatlari noqonuniy ekanini tushunib yetadi va huquqni muhofaza qiluvchi organga ariza bilan murojaat qiladi.

SVOJJDLQK departamentining Bo‘ka tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda G‘.Kabirov 200 AQSh dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalil bilan qo‘lga olindi.

Sud mansab vakolatidan foydalanmoqchi bo‘lgan G‘.Kabirovga tegishli jazo tayinlab, hukm chiqardi.

Top