20:19 / 12.07.2016
15376

O‘zbekistonda patronaj oyligi boshlandi

O‘zbekistonda birlamchi tibbiy-profilaktika muassasalarida patronaj oyligi boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tibbiy-ijtimoiy aksiyadan ko‘zlangan maqsad aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy-profilaktika tadbirlarini yanada takomillashtirish, fertil yoshdagi ayollar, homiladorlar, bolalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalar, nogironlar, surunkali kasalligi bor, ijtimoiy himoyaga muhtoj bemorlar holidan xabar olish va tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishni takomillashtirish hisoblanadi. 

Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi 3-oilaviy poliklinikada ham ushbu tadbir uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Zamonaviy andozalar darajasida barpo etilib, yaqinda foydalanishga topshirilgan ushbu shifo muassasasi hududdagi o‘n ikki mahalla aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Ellik nafar umumiy amaliyot vrachi va patronaj hamshiralar, tibbiyotning o‘ndan ziyod yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar el xizmatida. 

Mazkur oilaviy poliklinika hudud aholisi bilan bir qatorda o‘n to‘qqizta maktabgacha ta'lim muassasasi, maktablar, kollej va litseylarda tahsil olayotgan qatlamni ham birlamchi tibbiy-sanitariya yordami bilan qamrab olmoqda. 

Tibbiy patronaj tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etishda oilaviy poliklinikaning mahallalar, ta'lim muassasalari, nodavlat tashkilotlar bilan hamkorligi o‘z samaralarini berayotir. Buning natijasida sanitariya-epidemiologiya muhitini barqaror saqlash, kasalliklarning oldini olish, onalik va bolalikni tibbiy-ijtimoiy muhofazalashga erishilmoqda. 

Patronaj oyligini tashkil etishda oilaviy poliklinika shifokorlariga Mirobod tumani tibbiyot birlashmasi, 3-shahar shifoxonasi, 4-tug‘ruq majmuasi shifokorlari ko‘maklashmoqda. 

Shifokorlar Yangizamon mahallasida yashovchi Xoldorbekovlar oilasiga keldi. Patronaj hamshira Feruza Qunduzova xonadon bekasi Nozimaxon va uning besh oylik chaqalog‘i Ulug‘bekni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Onaning salomatligi yaxshi, bola ham sog‘lom ulg‘ayayotgan ekan. Tibbiyot xodimlari onaga bolani ko‘krak suti bilan oziqlantirishni davom ettirish va chaqaloqni parvarishlash bo‘yicha maslahat berdi. Oilaning boshqa a'zolari ham ko‘rikdan o‘tkazildi. 

– Patronaj hamshira nafaqat o‘ziga biriktirilgan xonadon a'zolarining salomatligi, balki oilaning ijtimoiy holatidan ham xabardor bo‘lishi kerak, – deydi Mirobod tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Nigora Razzoqova. – Negaki inson salomatligini asrash ko‘p omillarga bog‘liq bo‘lib, bu jarayonda oilada tibbiy madaniyat darajasi, turmush tarzi, psixologik, ijtimoiy muhit, tozalik, hududdagi ekologik holat kabi masalalar muhim rol o‘ynaydi. Mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda shakllangan zamonaviy tibbiyot tizimi va amalga oshirilayotgan sog‘lomlashtirish tadbirlari tufayli aholi orasida kasalliklarni barvaqt aniqlash ko‘rsatkichi oshdi. Xalqimizning o‘z sog‘ligiga e'tibori va sog‘lom turmush yuritishga intilishi kuchaymoqda. 

Tibbiy patronaj oyligi inson salomatligini asrashga yo‘naltirilgan ana shunday keng qamrovli vazifalarni hayotga tatbiq etishda muhim omil bo‘layotir. Joriy yilning 1 martidan 1 apreligacha o‘tkazilgan oylik doirasida 19 milliondan ziyod aholi qamrab olingan edi. 

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligidan ma'lum qilishlaricha, birlamchi tibbiyot muassasalarida bu galgi tadbirni ham yuqori saviyada tashkil etishga qizg‘in hozirlik ko‘rildi. 11 avgustga qadar davom etadigan ushbu tibbiy-ijtimoiy aksiyada o‘ttiz mingdan ziyod umumiy amaliyot vrachlari va patronaj hamshiralar, tibbiyotning o‘ttizdan ko‘proq yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar ishtirok etadi. 

Patronaj oyligi davrida xonadonlarga qatnovlarni amalga oshirish bilan bir qatorda mazkur xonadonlarning tibbiy-ijtimoiy holatini o‘rganish, aholi salomatligida hamda kasallikni yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan omillar, mavjud muammolar yechimini topish va bartaraf qilish maqsadida mahalla fuqarolar yig‘inlariga axborot kiritish va tegishli choralarni belgilash vazifalari amalga oshiriladi. 

Mahallalarda, o‘quv muassasalari va korxonalarda mahalla fuqarolik yig‘inlari faollari, xotin-qizlar qo‘mitasi, “Nuroniy” jamg‘armasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, ta'lim tizimi va boshqa nodavlat tashkilot vakillari ishtirokida kasalliklar profilaktikasi, sog‘lom turmush tarzi asoslari yuzasidan tadbirlar tashkil etiladi. 

Top