18:24 / 13.07.2016
5214

Bezorilik qilgan yigitlar osoyishtalik xodimlari tomonidan to‘xtatildi

Abdujamil “Poytaxt” avtosaloni oldidagi avtomashinalarni ta'mirlash ustaxonasida ishlardi. Bayram kuni o‘rtog‘i Madazimni ishxonasiga olib kelib, ovqat tayyorlashdi. Ulfati Ma'rufni ham qo‘ng‘iroq qilib, chaqirib olishdi. Ishxonaning uzida dasturxon tuzashdi. Bir shisha aroqni uchovlon maydalab ichishdi.

Shu payt ustaxonaga tanishi Mansur kelib, o‘ziga tegishli narsalarni olib ketdi. Uni Abdujamil kuzatib qo‘ydi.

Birozdan so‘ng “Buxoro” kafesi yonidagi ko‘chadan “Kobalt” avtomashinasi chiqib kelib, undan yo‘ldan qochishini aytib, ketma-ket signal chaldi. Avtomashina haydovchisi bo‘lgan ayol mashinadan tushib unga baqira ketdi. Abdujamil ham ayolning so‘zlariga boplab javob qaytardi. Ayol o‘sha yerda bo‘lgan Abduzohiddan yordam so‘radi. Abduzohid Abdujamilning oldiga borib, yo‘ldan qochishini, mashinaga yul berishini iltimos qildi. Abdujamil esa uni haqoratlab qochdi. Abduzohid esa alamidan uni quvdi.

Ma'ruf ko‘chaga chekish uchun chiqqanida Abdujamilni bir yigit bilan janjallashayotganiga ko‘zi tushdi. Darhol Madazimni chaqirib, tanishiga yordam berishga oshiqishdi. Ma'ruf bilan Madazim Abduzohidni duch kelgan yeriga tepishdi. U hushidan ketdi. Birozdan so‘ng hushiga kelganida yigitlar yana uni ayamasdan haqoratlab, urishdi. Bir amallab o‘rnidan turgan Abduzohid avtomashinasiga o‘tirib oldi. Yigitlardan biri avtomashinaning oynasini sindirdi. Mashinada uning homilador turmush o‘rtog‘i va farzandlari ham bor edi. Ular bu holatdan qo‘rqib ketishdi. Shuning uchun Abduzohid avtomashinasini tezroq haydab ketdi. Uyiga borgach, sog‘ligi yomonlashdi. Tez tibbiy yordam chaqirishdi. Uni kasalxonaga olib ketishdi.

Yigitlar bo‘lsa xuddi bir ishni qoyil qilgan sherdek ortlariga qaytishib, ziyofatni davom ettirishdi.

Bezorilarni IIB xodimlari qo‘ng‘iroq qilib chaqirishib, surishtiruv ishlarini olib borishdi. Sud Madazim Abdujabborov va Ma'ruf Abdujalilovlarga har oylik ish haqidan 20 foiz davlat foydasiga undirilgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.

“O‘ylamay qilingan ish boshga keltirar tashvish” deb shunga aytsalar kerakda. Yigitlarning o‘ylamay qilgan ishidan boshi egildi.

Xonbibi XIMMAT kizi, jurnalist

Top