11:57 / 14.07.2016
25420

Farg‘ona shahridagi omborxonalardan birida sayg‘oqlarning kontrabanda yo‘li bilan olingan shoxlari aniqlandi

Foto: FBB

O‘zbekiston faunasini oqquyruq, ya'ni sayg‘oqsiz tasavvur qilish qiyin. O‘zbekiston ushbu noyob jonivorlar saqlanib qolgan dunyoning atigi beshta mamlakatidan biri hisoblanadi. 

Ular nafaqat lazzatli go‘shti, eng avvalo, qimmatbaho shoxlari uchun brakonerlarning o‘ljasiga aylanmoqda. Xususan, Xitoy va Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari tabobatida hozirga qadar keng qo‘llanilayotgani bois sayg‘oq shoxlari mo‘may daromad orttirish vositasiga aylanib ulgurgan.

Yaqinda Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi va Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida yirik miqdordagi sayg‘oq shoxlarining kontrabandasi fosh qilindi. Bu haqda Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi Axborot xizmati xabar bermoqda.  

Farg‘ona shahridagi omborlardan biri amaldagi tartiblarga muvofiq xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, ushbu omborda 468 dona sayg‘oq shoxlari hamda 72 dona mazkur turdagi shoxlar bo‘laklari, bundan tashqari 170 dona terilar yashirin ravishda saqlanayotganligi fosh qilindi. 

Surishtiruvlar davomida aniqlanishicha, noqonuniy ravishda olib chiqishga mo‘ljallangan ushbu noyob mahsulotlar va terilar So‘x tumanida istiqomat qiluvchi Farhod Amurovga (ism-sharifi o‘zgartirilgan) tegishli bo‘lib, dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, ularning narxi salkam 148 mln. so‘mni tashkil qilar ekan. 

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, Sayg‘oq milliy va xalqaro “Qizil kitob”ga kiritilgan bo‘lib, uni ovlash 1992 yildan boshlab qat'iyan man qilingan.

Amaldagi tartiblarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi yovvoyi hayvonlarni tabiiy muhitdan olish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining roziligiga binoan, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi.

Yovvoyi hayvonlarni, ularning qismlarini, shuningdek yashash faoliyati mahsulotlarini olib kirish va chetga olib chiqish esa Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi.

Shuningdek, teri xomashyosini O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish taqiqlanadi.

Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi
Axborot xizmati.

 

Top