14:09 / 14.07.2016
10899

Tribuna.uz: Yevropa chempionatida porlagan 11 futbolchi

Fransiyada navbatdagi futbol bo‘yicha Yevropa chempionati yakunlandi. Bu gal musobaqada ilk marta 24 jamoa qatnashdi. Shunga yarasha o‘yinlar soni ham ko‘p bo‘ldi. Uels terma jamoasining yarim finalgacha yetib kelgani, Irlandiyaning guruhdan chiqqani, Islandiyaning chorak finalgacha borgani va guruhda uchinchi o‘rinni olgan Portugaliyaning chempion bo‘lgani yangi format o‘zini oqlaganini isbotlagan bo‘lsa, Italiya va Germaniyaning ¼ finaldayoq to‘qnash kelgani, Italiya va Ispaniyaning chorak finalda uchrashgani va Fransiyaning bittagina o‘yinda jiddiy raqibga duch kelib, finalga chiqqani yangi formatning kamchiliklarini ko‘rsatib berdi.

Odatda musobaqa yakunlangandan keyin o‘ziga xos rasmiy va norasmiy terma jamoalar, har xil versiyalar bo‘yicha eng yaxshilar aniqlanadi. Tribuna.uz esa turnida porlagan eng yaxshi 11 futbolchini o‘z talqini bo‘ycha tanlashga harakat qiladi.

Darvozabon

Gabor Kiray

Vengriya terma jamoasi darvozaboni musobaqaning eng yoshi katta ishtirokchisi edi. 40 yoshli posbon darvozani qanday qo‘riqlar ekan, deb ko‘pchilik hayron qolgandi, lekin Kiray shu yoshda ham ajoyib formada bo‘lish mumkin ekanini isbotladi. U ajoyib tarzda o‘yin ko‘rsatib, bir turda UYeFA rasmiy saytining ramziy terma jamoasidan o‘rin oldi. Muxlislar uni yoqtirib qolishdi. Fransiyada Kiraynikiga o‘xshash shalvarlar “moda bo‘ldi”.

Himoya

Joshua Kimmix

“Bavariya”ning yosh himoyachisi shunchalik zo‘r o‘ynadiki, u musobaqaning ramziy terma jamoasidan o‘rin oldi. “Bavariya”dagi debyutidan keyin Gvardiola maydonning o‘rtasida to‘xtatib olib, ruhlantirgan va ko‘rsatma bergan yigitcha mana shu Kimmix edi.

Samyuel Yumtiti

Fransiya terma jamoasi safida Odil Ramining diskvalifikatsiyasidan keyin maydonga tushdi va shunday o‘yin ko‘rsatdiki... U hozir “Barselona” a'zosi. Ispanlar nihoyat kuchli markaziy himoyachiga ega bo‘ldi.

Rafael Gerreru

Yozgi transfer oynasi vaqtida “Borussiya”ga o‘tgan Portugaliya terma jamoasi futbolchisi. U qanotda juda faol o‘ynadi. Finalda jarima zarbasini to‘singa tekkizgan futbolchini esladingizmi?

Jyerom Boateng.

Germaniya chempion bo‘lganda musobaqaning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishga nomzod Boateng edi. Uni tayanch yarim himoyasida qanchalik ajoyib o‘yin ko‘rsatishini bilardik, lekin markaziy himoyada… Boateng qo‘rg‘on vazifasini bajardi markazda. Bu Boateng markaziy himoyada o‘ynagan ilk yirik musobaqa edi. Jyerom shubhasiz Yevropa chempionatining eng yaxshi futbolchilaridan bo‘ldi. O‘zi uchun yangilik bo‘lgan pozitsiyada bundayin yorqin o‘yin ko‘rsatish oson emas. Chorak finaldagi penalti? Bunaqasi hammada ham bo‘lishi mumkin…

Yarim himoya.

Emre Mor

Turkiya guruhda qolib ketdi, lekin turklar Yevropaga Emre Morday ajoyib futbolchini berib ketishdi. U tez orada jahon futboli yulduziga aylanishi hech gap emas. Yangi mavsumni Emre “Borussiya”da boshlaydi.

Renato Sanchesh

Musobaqaning eng yaxshi futbolchilaridan biri. Eng yaxshi yosh futbolchi nomini rasman qo‘lga kiritgan Sancheshga bemalol eng yaxshi futbolchi unvonini ham bersa bo‘lardi. “Bavariya” qanday ajoyib futbolchini qo‘lga kiritganini, “Barselona”, “Real” va “MYu” qanday ajoyib futbolchini qo‘ldan chiqarishganini bilisharmikin?..

Jo Allen

“Liverpul” futbolchisi Klopp kelganidan keyin yana asosiy tarkibda tusha boshladi. U esa Yevropa chempionatida ajoyib o‘yin ko‘rsatib, jamoasi bilan yarim finalgacha yetib keldi. UYeFA ramziy terma jamoasidan ham o‘rin oldi.

Musa Sissoko

“Nyukasl” futbolchisi ham boshida asosiy tarkibda tushmadi. Desham bergan birgina imkoniyatdan unumli foydalandi va terma jamoaning asosiy futbolchilaridan biriga aylandi. Finalda mezbonlar safida eng faol bo‘ldi. Musobaqadan oldin uning transferini 15 million funtga baholashgandi. Hozir “Nyukasl” hammaga 40 million funt berasan deb turibdi…

Hujum

Eder

Musobaqa davomida deyarli ko‘rinmagan futbolchi birgina finalda hammasini hal qilib qo‘ya qoldi. Futbolda ham hayotdagi kabi hammasini lahzalar hal qiladi.

Robson-Kanu

11 yildan buyon “Reding” bilan chempionship va APL orasida sarson bo‘lgan Uels terma jamoasi hujumchisi butun umr Yevropa chempionatini kutgan ko‘rinadi. Bo‘lmasa, bunday yorqin o‘yinni nima deb atash mumkin? Unga allaqachon premer-ligadan xaridorlar chiqmoqda.

Bu jamoada avvallari, boshqa musobaqalarda porlamagan futbolchilarga e'tibor berishga harakat qildik. Chunki yuqoridagi futbolchilar rostakamiga butun dunyo futbol olamiga o‘zini munosib tarzda tanita oldi.

Manba: Tribuna.uz

Top