19:42 / 18.07.2016
12730

Kerri Turkiya NATOda a'zoligini yo‘qotishi mumkinligidan ogohlantirdi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Turkiyaning demokratik tamoyillarni buzuvchi harakatlari mamlakatning NATOda a'zolikni yo‘qotishiga olib kelishi mumkinligini aytdi, deb xabar bermoqda The Indepedent nashri.

Kerri Yevropa diplomatiyasi rahbari Federika Mogerini bilan birga bergan qo‘shma matbuot-anjumanda AQSh "Turkiyaning saylangan rahbariyati tomonida turishini" aytdi.  

Biroq shunga qaramay Kerri AQSh Turkiya hukumatini "mamlakat demokratik institutlari va qonun ustuvorligini hurmat qilishning eng yuqori standartlarini qo‘llab-quvvatlashga" chaqirayotganini ta'kidlab o‘tdi.     

"Biz shubhasiz to‘ntaruvda aybdorlarning javobgarlikka tortilishini qo‘llab-quvvatlaymiz, biroq biz buning doirasidan tashqariga chiqadigan harakatlardan ogohlantiramiz", deb qo‘shimcha qildi Kerri.  

Mogerini o‘lim jazosiga ruxsat beruvchi davlatlar Yevropa Ittifoqiga qo‘shila olmasligidan ogohlantirdi. Kerri "NATO ham alyansga kirish uchun demkoratiya hurmat qilinishi talabiga ega ekanligini" qo‘shimcha qildi. 

16 iyulda AQSh prezidenti Barak Obama Turkiyadagi barcha tomonlarni Rajab Toyib Erdo‘g‘anning demokratik saylangan hukumatini qo‘llab-quvvatlashga chaqirgandi.   

Turkiyada muvaffaqiyatsiz yakunlangan davlat to‘ntaruvidan keyin harbiylarni ommaviy hibsga olish va o‘lim jazosining qaytarilishi zarurligi muhokama qilinishi boshlandi.

Top