16:40 / 18.07.2016
10943

Toshkentda o‘tgan I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi yakunlandi

Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz”da I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi yakunlandi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

“O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi ma'lumotlariga ko‘ra, yarmarka yakunlari bo‘yicha qiymati 2 milliard AQSh dollaridan ziyod meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha 270 shartnoma imzolangan. Eksport qilinadigan mahsulotlarning 27 foizini sabzavotlar, 25 foizini uzum, 20 foizini mevalar, 17,6 foizini quritilgan va qayta ishlangan mahsulotlar, 8,4 foizini dukkakli mahsulotlar, 2 foizini qovun tashkil qildi. Yarmarka nihoyasiga yetgan bo‘lsa-da, shartnomalar tuzish ishlari davom etmoqda. 

I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida AQSh, Buyuk Britaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Italiya, Fransiya, Malayziya, Hindiston, Rossiya, Latviya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Eron, Afg‘oniston, Qozog‘iston kabi mamlakatlardan uch yuzdan ziyod ishbilarmon doiralar vakillarining qatnashgani chet el ishlab chiqaruvchilari hamda savdo kompaniyalarining O‘zbekiston bilan hamkorlikdan manfaatdorligini yana bir bor isbotladi.

Anjuman doirasida ishtirokchilar Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Jizzax viloyatlaridagi korxonalar, fermer xo‘jaliklari va bog‘larda bo‘lib, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan islohotlar samaralari, meva-sabzavot yetishtirish, sifatli saqlash va qadoqlash tizimi, eksportga tayyorlash jarayoni bilan bevosita tanishdi.

Top