13:47 / 19.07.2016
11991

Melaniya Tramp Mishel Obamaning nutqini o‘zlashtirganlikda ayblandi

AQSh prezidentligiga Respublikachilardan nomzod hisoblangan Donald Trampning turmush o‘rtog‘i Melaniya Tramp 19 iyul kuni partiya s'yezdidagi ishtirokidan keyin darhol tanqidga duchor bo‘ldi. Birinchi raqamli xonim bo‘lishga da'vogar Melaniyani hozirgi birinchi raqamli xonim - Mishel Obamaning nutqini noqonuniy o‘zlashtirganlikda ayblashdi. Bu haqida RIA "Novosti" xabar berdi. 

Nutqlarning so‘zma-so‘z to‘g‘ri kelishini birinchi bo‘lib jurnalist Jyerret Hill Twitter'da ma'lum qildi, shundan so‘ng bir qator yirik OAV, shu jumladan  Buzzfeed internet resursi va CNN telekanali bu xabarni ommaga tarqatdi. 

Melaniya Tramp 2016 yilgi respublikachilar s'yezdida va Mishel Obama 2008 yilda demokratlar s'yezdida taxminan bir xil nutq so‘zlashgan - ota-onalari ularni mehnatkash bo‘lish, insonlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga, shuningdek farovon hayotga intilishga o‘rgatganini aytishgan. Tramp va Obamaning so‘zlari o‘xshash bo‘lib chiqdi. 

Obamaning sobiq nutq yozuvchisi Jon Favro Buzzfeed portaliga "qanday qilib bunday tasodif bo‘lishi mumkinligini xayoliga keltira olmayotganini" ma'lum qildi. "Tasodifiy ibora yoki bir satr xato ketishi mumkindir, lekin hozirgi birinchi xonim nutqidan butun bir abzatsning olinishi - buni tushunib bo‘lmaydi", - dedi Favro. 

69 yoshli Tramp joriy yilning noyabr oyida bo‘ladigan prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan taqdirda, 46 yoshli Melaniya Tramp AQShning birinchi raqamli xonimiga aylanadi.


 

Mavzuga oid
Top