17:14 / 20.07.2016
6049

Xitoy 2025 yilga borib tezyurar temiryo‘l magistrallari tarmog‘ini kengaytirmoqchi

Foto: AP

Xitoy hukumati 2025 yilga borib, mamlakatdagi tezyurar temiryo‘l magistrallari tarmog‘i uzunligini ikki barobar – 38 ming kilometrga uzaytirmoqchi. Bu haqida XXR Islohotlarni rivojlantirish milliy komissiyasining (NDRC) xabariga asoslanib, RIA “Novosti” ma'lum qildi. 

Bugungi kunda Xitoy dunyodagi eng rivojlangan tezyurar temiryo‘l tarmog‘iga ega. Uning umumiy uzunligi taxminan 19 ming kilometrni tashkil qiladi. Hukumat rejasiga ko‘ra, 13-besh yillik oxiriga kelib (2020 yil), uning uzunligi 30 ming kilometrgacha cho‘ziladi. 

NDRC ma'lumotiga ko‘ra, 2025 yilga borib, mamlakatdagi barcha temiryo‘llarning umumiy uzunligi hozirgi 121 mingdan 175 ming kilometrgacha cho‘ziladi. 2020 yilga borib esa, Xitoydagi barcha temiryo‘llarning umumiy uzunligi, rejaga muvofiq, 150 ming kilometrdan iborat bo‘lishi va mamlakatning 80 foizdan ko‘proq yirik shaharlarini o‘zaro bog‘lashi lozim.  

Xitoy hukumati taqdim etgan hisobotga ko‘ra, 2016 yilda temiryo‘l qurilishiga jalb etilgan investitsiyalar 123 milliondan ortiqni tashkil qiladi. Joriy yilda temiryo‘l va avtomobil transporti infratuzilmasiga jalb etilgan investitsiyalar taxminan 377 milliard dollardan iborat. 

Top