Davrimiz haqli ravishda Axborot asri deb nomlanadi. Bir vaqtlar jamiyat taraqqiyoti besh formatsiyaga bo‘lib o‘rganilgan edi. Ya'ni ibtidoiy jamoa, quldorlik, feodalizm, kapitalizm va kommunizm jamiyatlari. Endilikda ayrim tahlilchilar “jamiyat uchga – agrar, sanoat va axborot davriga bo‘lingan holda o‘rganilishi kerak”, degan fikrlarni o‘rtaga tashlamoqda. Ibtidoiy jamoa davrida qabila oqsoqolining gapi gap edi. Quldorlik davrida esa quldorning gapini ikki qilib bo‘lmasdi. Feodalizm davrida feodallar jamiyatni boshqargan. Sanoat davriga kelib esa jamiyatni zavod va fabrika egalari boshqaradigan bo‘ldi.

XX asr oxiri - XXI asrga kelib esa dunyo butunlay o‘zgarib ketdi. Axborot-kommunikatsiya sohalarining taraqqiyoti, geosiyosiy vaziyatning keskin o‘zgarishi kim axborotga ega bo‘lsa o‘sha jamiyatni boshqarishini ko‘rsatib qo‘ydi. Bu esa har qanday davlat va tuzumning oldida dolzarb muammoni keltirib chiqarmoqda. Ya'ni, har bir davlat axborot xavfsizligini ta'minlashi va informatsion xurujlarga qarshi tura olishi kerak. Shu kabi muhim vazifalarni bajargan davlatgina o‘z milliy manfaatlarini himoya qilgan bo‘ladi.

Axborot xavfsizligi har bir davlat milliy xavfsizligining tarkibiy qismidir. U davlat va jamiyatning barcha sohalaridagi milliy manfaatlarni himoya qilishga qaratilgan bo‘lishi kerak. “Har qanday davlatning ommaviy axborot vositasi chet el ta'siri ostida qolar ekan, jamiyat o‘z tarixiy ideallari, qadriyatlarini buzishga yo‘naltirilgan axborotlar og‘ushida qoladi”, deb yozgan edi amerikalik olim Lens Bennet. Hozirgi kunda jahondagi turli “kuch markazlarining” geosiyosiy qarama-qarshiligi “axborot makoni”ga ko‘chdi, degan gaplarda jon bor. Ya'ni oddiy so‘z bilan aytganda axborot kimning qo‘lida bo‘lsa, o‘sha haq bo‘lib chiqmoqda.

Hayot haqiqati shuni ko‘rsatmoqdaki, har qanday taraqqiyot mahsulidan ikki xil maqsadda - ezgulik va yovuzlik yo‘lida foydalanish mumkin. Zamonaviy dunyoda axborotlar shu qadar ko‘pki, tarqatilayotgan axborotlarning qay biri to‘g‘ri, qay biri noto‘g‘riligini aniqlaguncha inson ongi birinchi tarqalgan xabarga moslashgan bo‘ladi. Shuni unutmaslik kerakki, OAV aholiga to‘g‘ri ma'lumot yetkazishi kerak.

Bugun biz tez sur'atlar bilan o‘zgarib borayotgan, insoniyat hozirga qadar boshidan kechirgan davrlardan tubdan farq qiladigan o‘ta shiddatli va murakkab bir zamonda yashayapmiz. Hozirgi paytda yer yuzining qaysi chekkasida qandaydir voqea yuz bermasin, odamzot bu haqda dunyoning boshqa chekkasida turgan bo‘lishiga qaramay zudlik bilan xabar topishi hech kimga sir emas. Bugungi kunda zamonaviy axborot maydonidagi harakatlar shu qadar tig‘iz, shu qadar tezkorki, endi ilgarigidek, bu voqea bizdan juda olisda yuz beribdi, uning bizga aloqasi yo‘q, deya beparvo qarab bo‘lmaydi. Hayotmizning biror bir sohasini axborotsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Axborotlarni turli manbalardan Internet, radio, televideniye va bosma matbutdan olamiz.