11:49 / 22.07.2016
14866

Erdo‘g‘an harbiy to‘ntarishga urinish vaqtida halok bo‘lganlar soniga aniqlik kiritdi

Foto: Reuters

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an mamlakatda davlat to‘ntarishiga urinish vaqtida yuzaga kelgan to‘qnashuvlar oqibatida isyonchilarni hisobga olmaganda 246 kishi halok bo‘lgani, mingdan ziyod kishi yaralangani haqida ma'lum qildi. Bu haqda Reyter agentligi xabar bergan.

Avvalgi xabarlarda tinch aholi vakillaridan 190dan ortiq, isyonchilardan 108 kishi halok bo‘lgani, 1,5 minga yaqin kishi jarohatlangani haqida aytilgandi.

16 iyulga o‘tar kechasi Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish yuz berdi. Harbiylar Anqara va Istanbulga tanklar bilan kirib hukumatni qo‘lga olganini e'lon qildi.

Prezident xalqdan isyonchilarga qarshi kurashda yordam so‘radi. Tongga qadar isyon bostirildi. Erdo‘g‘an bu isyon tashkilotchiligida muxolifatchi Fathulloh Gulenni ayblagan.

Ayni vaqtda mamlakatda isyonga aloqadorlarni qo‘lga olish ishlari davom etmoqda. Shu vaqtgacha 10 mingga yaqin kishi qo‘lga olindi. Davlat organlarida olib borilayotgan yalpi tozalash ishlari doirasida 70 mingga yaqin xizmatchi lavozimidan chetlatildi.

21 iyul kuni Turkiyada 3 oy muddat davom etadigan favqulodda holat tartibi joriy etildi.

Top