Babayan terma jamoaga «Paxtakor»dan nega ko‘p futbolchi jalb etilishiga izoh berdi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan Iroq terma jamoasiga qarshi o‘yindan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida ishtirok etdi.
U Iroq termasiga qarshi o‘yinda boshlang‘ich tarkibga nima uchun «Paxtakor»ning 7 nafar futbolchisini kiritganiga izoh berib o‘tdi.
«Tarkibni murabbiylar shtabi aniqlaydi. Unda 7 nafar «Paxtakor» futbolchisi bo‘lsa, demak ular shu saviyaga mos keladi.
Biz futbolchini tarkibga jalb qilishdan oldin uning imkoniyatlarini baholaymiz. Uning pasporti, dini yoki qaysi klubga tegishli ekaniga qaramaymiz. «Paxtakor» amaldagi chempion ekanini unutmaylik. Uning a'zolari yuqori darajada o‘yin namoyish qila olishadi. Ularni OChLdagi ishtiroki, 10 ochko to‘plagani ham buni tasdiqlab turibdi», — deb Babayanning so‘zlaridan iqtibos keltirgan stadion.uz sayti.
Ma'lumot uchun, Toshkentning «Paxtakor» klubi 2016 yilgi mavsum birinchi davrasini 5-o‘rinda yakunladi. Jamoa o‘tgan mavsumda chempionlikka erishgan, lekin joriy mavsumda asosiy yetakchilarini boshqa jamoalarga transfer qildi.