Davlat test markazi abituriyentlarga test sinovlarni o‘tkazish tartib-qoidalarini eslatib o‘tdi.
«Sizlar test sinovlarini muvaffaqiyatli topshirishingiz uchun test sinovlarni o‘tkazish tartib-qoidalarini, test jarayonida o‘zingizning vazifalaringiz, majburiyatlaringiz va huquqlaringizni aniq bilishingiz va test sinovlarini o‘tkazish tartibiga rioya qilishingiz talab etiladi», — deyiladi xabarda.
Abituriyentlar test sinovlari o‘tkaziladigan kuni bino hududiga soat 8.00 gacha, auditoriyaga soat 8.30 gacha faqat abituriyent ruxsatnomasi va pasporti bilan kiritiladi. Test sinovlari boshlangan (soat 8.30)dan keyin abituriyent auditoriyaga kiritilmaydi.
Soat 8.30 dan 9.00 gacha abituriyentlar javoblar varaqasini to‘g‘ri to‘ldirish tartibi bilan tanishadi va uning tegishli joyiga o‘zlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni yozadi. Bu vaqt test o‘tkazish uchun ajratilgan vaqt me'yoriga kirmaydi.
Test boshlangandan keyin hech kim auditoriyaga kiritilmaydi va test topshiriqlari bo‘yicha abituriyentlar bilan savol-javob qilinmaydi.
Abituriyent javoblar varaqasi raqami bilan savollar kitobi raqamining bir-biriga mosligini va savollar kitobida fanlar bo‘yicha test savollarida tipografik xato yoki boshqa nuqsonlar yo‘qligini tekshiradi. Agar test savollarida nuqson bo‘lganda darhol bu haqda auditoriya rahbariga xabar beradi.
Abituriyent javoblar varaqasi berilgandan keyin abituriyent ruxsatnomasi va titul varaqasining tegishli joylariga javoblar varaqasi raqamini ko‘chirib yozadi. Shundan so‘ng, titul varaqasida ko‘rsatilgan maxsus kodini javoblar varaqasiga ko‘chirib yozadi va tegishli doirachalarni bo‘yaydi.
Abituriyent javoblar varaqasining 1-blokiga va savollar kitobi muqovasining belgilangan joyiga o‘zi haqidagi tegishli ma'lumotlarni yozib, imzo qo‘yadi.
Savollar kitobidagi har bir fan 36 ta topshiriqni o‘z ichiga oladi. «Matematika (informatika bilan)» fanidan test savollari «Matematika» fani bo‘yicha 30 ta savol, «Informatika va axborot texnologiyalari» fani bo‘yicha 6 ta savoldan iborat bo‘ladi.
Abituriyentga test topshiriqlarini bajarish uchun quyidagi vaqt me'yorlari belgilanadi:
72 savolga — 2 soat;
108 savolga — 3 soat.
Har bir savolga 4 tadan («A», «B», «C», «D») javoblar varianti berilgan bo‘lib, abituriyent ulardan faqat bittasini savollar kitobchasida belgilashi (savollar kitobida belgilangan javoblarni o‘zgartirish mumkin), keyinchalik javoblar varaqasiga belgilangan tartibda bo‘yashi kerak (javoblar varaqasida belgilangan javoblarni o‘zgartirish mumkin emas).




