15:51 / 01.08.2016
6751

iPhone ikki SIM-karta bilan ta'minlanishi mumkin

Iyun oyida internetda iPhone 7 qurilmasining ikkita SIM-kartaga mo‘ljallanganligi aks ettirilgan dastlabki surati paydo bo‘ldi. Endi esa Apple smartfonining kelajakda ikkita SIM-kartali bo‘lishiga yana bir dalil ishora qilmoqda. 

AQShning patent va savdo belgilari byurosi Apple’ning yangi patent arizasini chop etdi, unda raqam aniqlash tizimining ikkita SIM-kartali smartfonda bir vaqtning o‘zida ikki qo‘ng‘iroq amalga oshgan taqdirda, qanday ishlashiga oid tavsif berilgan. 

Bozorda keng tarqalgan ikki SIM-kartali telefonlarda suhbat davomida ikkinchi qo‘ng‘iroq amalga oshsa yoki uning raqamini bilish uchun birinchi qo‘ng‘iroqni kutish rejimiga o‘tkazish kerak bo‘ladi. 

Apple esa o‘zining patent arizasida bunday vaziyatlarda ikkinchi “sim karta”ning raqamini aniqlash va uni o‘tkazib yuborilgan qo‘ng‘iroqlar ro‘yxatida saqlab qolish imkonini beruvchi sxemani taklif qildi.

Apple tomonidan bunday arizaning berilishi ikki  SIM-kartali iPhone’ning yaratilishini kafolatlamaydi, albatta. Shu bilan birga bu ma'lumot kompaniyaning mazkur texnologiyaga qiziqishini tasdiqlaydi. So‘nggi paytlarda iPhone ishlab chiqaruvchisi Xitoy bozoridagi avvalgi muqim o‘rnini yo‘qota boshladi, uning o‘rnini mahalliy kompaniyalar egallashmoqda. Xitoy iste'molchilarining fikricha, Apple’ning raqib qurilmalarga nisbatan asosiy kamchiliklariga uning yuqori narxidan tashqari, “ikkita sim kartali” modelining yo‘qligi ham kiradi.

Mavzuga oid
Top