17:06 / 02.08.2016
8165

O‘zbekistonda ona suti bilan boqish haftaligi o‘tkazilmoqda

Foto: UzA

170dan ziyod mamlakatlar qatori O‘zbekistonda ham 1−7 avgust kunlari Jahon ko‘krak suti bilan boqish haftaligi o‘tkazilmoqda. Mazkur haftalik har yili butun dunyoda ko‘krak suti bilan boqish va bolalar salomatligini yaxshilash masalalarini targ‘ib qilish maqsadida o‘tkaziladi. 2016 yilgi haftalik mavzusi «Ko‘krak suti bilan boqish — barqaror taraqqiyot kaliti» bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2015 yilda faqat ko‘krak suti bilan boqishning o‘rtacha darajasi 54,4 foizni tashkil qilgan. Bu masalada eng yuqori ko‘rsatkichlar Buxoro viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etilgan (60 foizdan yuqori). Mamlakatda onalar tug‘ruqxonalardan chiqayotgan davrda faqat ko‘krak suti bilan boqish amaliyoti darajasi 90 foizdan ortiqni tashkil qiladi. Biroq keyingi oylarga borib ushbu ko‘rsatkich kamayib boradi.

«2 yoshga to‘lgunicha ko‘krak suti bilan boqiladigan bolalar qisqa muddat emizib boqilgan yoki sun'iy mahsulotlar bilan oziqlantirilgan bolalarga nisbatan kasallanish va o‘lim holatlari bo‘yicha ancha past ko‘rsatkichlarga ega», — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori professor Dilorom Ahmedova.

Haftalik davomida ota-onalar uchun brifing va maslahatlar o‘tkazish, onalarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash guruhlari uchrashuvlarida muhokamalar uyushtirish kabi tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi viloyat perinatal markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan akusherilik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Namangan filiali bolaga nisbatan do‘stona tibbiyot muassasasi sertifikatiga ega bo‘ladi. Ayni paytda YUNISEFning «Bolaga nisbatan do‘stona shifoxonalar tashabbusi»ga O‘zbekistondagi 96 ta sog‘liqni saqlash muassasasi qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Top