O‘zbekistonning uch nafar fuqarosi terrorchilikni targ‘ib qilgani uchun ozodlikdan mahrum etildi
O‘zbekistonning Qashqadaryo viloyati sudi uch nafar fuqaroni "Turkiston islom harakati" (TIH) xalqaro terrorchilik tashkilotining materiallarini tarqatgani uchun 5 yildan 6 yilgacha ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda O‘zbekiston huquq-tartibot muassasalariga iqtibos keltirgan holda RIA “Novosti” axborot agentligi xabar berdi.
"Sudlanuvchilar elektron tashuvchilar – flesh-karta va disklarda TIHning "islom halifaligini" tuzishga chaqiriqlari bo‘lgan video va audiomateriallarni tarqatganlar", deb ma'lum qilindi.
Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, sudlanuvchilar Rossiyada ishlab yurganlarida TIH izdoshlari bilan tanishganlaridan keyin uning ta'siriga tushib qolganlar.
O‘zbekistonda TIHning a'zolari va tarafdorlari qo‘lga olinib kelinadi. 2015 yil noyabrda Namanganda 4 nafar fuqaro TIH g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi materiallarni kontrabanda qilish aybi bilan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etilgandi.
Bosh qarorgohi Afg‘onistonda joylashgan TIH (Sobiq "O‘zbekiston islom harakati") 1996 yilda Afg‘onistonga qochib ketgan O‘zbekistonda taqiqlangan siyosiy partiyalar faollari tomonidan yaratilgan. Rossiya, AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari bu tashkilotni terrorchilik tashkiloti deb tan olganlar. Tashkilot "Al-Qoida" va "Tolibon" terrorchilik tashkilotlari bilan bog‘langan. 2014 yilda TIH IShID jangarilariga qo‘shilishini ma'lum qilgan.