21:21 / 04.08.2016
4754

Intel’ning smart-soatlari inson sog‘lig‘i uchun xavfli ekanligi ma'lum bo‘ldi

Intel kompaniyasiga tegishli Basis Science kompaniyasi Peak aqlli soatlarining har bir sotilgan modelini inson sog‘lig‘i uchun xavfli ekanligi sababli qaytarib olmoqda. Ma'lum qilinishicha, qo‘lga taqiluvchi gadjyet qizib ketishi sababli xavf tug‘diradi va teri bilan ta'sirlashganda bilakni kuydirishi mumkin.

Intel qurilmaning barcha egalariga pullarini qaytarishga va'da berdi. Smart-soatlar tomonidan yig‘ilgan ma'lumotlarni sinxronlashtirish uchun "bulutli" xizmatlar 2016 yil 31 dekabrda yopiladi. Bu sana kirguncha foydalanuvchilar soat tomonidan yig‘ilgan barcha fitnes-statistikani CSV-fayl ko‘rinishida ko‘chirib olishlari mumkin bo‘ladi.

Basis nuqsonning mavjudligini xaridorlar soat "noqulaylik tug‘dirishi, qo‘llarni qavartirishi va kuydirishidan" shikoyat qilganlaridan keyin iyun o‘rtalarida tan olgandi va soatlardan vaqtinchalik foydalanmaslikni tavsiya qilgandi. Oxirgi bir necha oy davomida kompaniya kamchilikni bartaraf etishi kerak bo‘lgan dastur ustida ish olib borgan, biroq hech qanday natijaga erisha olmagan. "Afsuski, bizning barcha sa'y-harakatlarimizga qaramasdan, biz muammoning yechimini topa olmadik", deyilgan kompaniyada. 

Basis Science kompaniyasi Intel tomonidan 2014 yilda sotib olingan. Kompaniya soatlardan qancha miqdorda sotilganini ma'lum qilmagan, biroq kuyish va u bilan bog‘liq bo‘lgan holatlar sotilgan soatlardan taxminan 0,2 foizida paydo bo‘lishini ma'lum qilgan.  

AQShda Basis Titanium xaridorlari 344 dollar olishadi. Tovon puli ichiga soatlar, soliqlar va yetkazib berish qiymati kiradi. Basis Peak foydalanuvchilari esa 234 dollar, ya'ni o‘z narxidan 100 dollar ko‘proq tovon puli olishadi. Bundan tashqari, soatga olingan istalgan rasmiy aksessuarlarning to‘liq qiymati 10 kun ichida qaytariladi.

Top