Jamiyat | 12:27 / 04.08.2016
12867
2 daqiqa o‘qiladi

Medvedev o‘qituvchilarga: «Maoshingiz yetmayaptimi? Unda biznes qiling»

Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev fuqarolar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda yana bir bor barchaning e'tiborini o‘ziga qaratdi.

O‘ziga xos forum davomida dog‘istonlik universitet o‘qituvchisi Medvedevga shunday savol bilan murojaat qildi: «Dmitriy Anatolevich, men Dog‘iston davlat universitetida o‘qituvchi bo‘lib ishlayman. Maoshim 15 ming rubl. Militsiya xodimlari esa 50-60 ming olishadi. Ular odamlar qilgan jinoyatlarni bartafar etishadi. Bizning ish undan ham muhim deb o‘ylayman. O‘qituvchi o‘sha jinoyatlarning umuman bo‘lmasligini ta'minlay oladi. Shu sabab o‘qituvchilarning maoshlari kam emasmi?».

Bu savol Medvedevga unchalik ham xush yoqmadi va Dog‘istonga salom yo‘llagan ko‘yi savolga javob berdi: «Birinchidan, militsiyaning ishi mas'uliyatli va xavfli. Har kim bu ishni eplay olmaydi. Shu sabab ularning maoshlariga tegmaylik. O‘qituvchilik haqida gapiradigan bo‘lsak, men o‘qishni endi bitirgan vaqtim o‘qituvchilik ham qilganman. O‘shanda 90 rubl olardim. Ichki ishlar xodimlari esa 250 olishardi.

Menimcha, kuch-quvvatga to‘la o‘qituvchi uchun pul muhim bo‘lsa, u qo‘shimcha daromad olishga harakat qilsa bo‘ladi. Men pul topish mumkin bo‘lgan ko‘p joylarni bilaman. Masalan, biznes. Siz hali biznesda o‘z omadingizni sinab ko‘rmagansiz chog‘i?..».