17:11 / 05.08.2016
6699

O‘zbekiston MTJning Yamanga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi noma'lum muddatga qoldirildi

Jahon chempionati-2018 saralashining uchinchi bosqichiga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi 24 avgust kuni Toshkentda Burkina-Faso terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi. Tribuna.uz saytining O‘zbekiston futbol federatsiyasiga asoslanib xabar berishicha, o‘yin «Bunyodkor» stadionida o‘tkaziladi.

24 avgustga belgilangan O‘zbekiston-Yaman uchrashuvi Yaman Futbol Federatsiyasining tashabbusi bilan boshqa kunga qoldirildi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi Yaman bilan nazorat o‘yini o‘tkazish rejalashtirilgandi. Ammo ikki terma jamoaning o‘zaro kelishuviga ko‘ra ushbu o‘yin o‘tkazilmaydigan bo‘ldi. Yaman futbol federatsiyasi bosh kotibi Hamid Al Shayboniy imzolagan maktubda aytilishicha, Sano xalqaro aeroportidagi ahvol yomonlashgan va vaziyat o‘nglangmaguncha futbolchilar mamlakatni tark eta olmaydi. Shu sababli Yaman futbol federatsiyasi uchrashuvni boshqa kunga ko‘chirishni so‘rab, O‘zbekiston tomonining to‘g‘ri tushunishiga umid bildirgan.

Burkina Faso bilan o‘rtoqlik o‘yiniga tayyorgarlilar doirasida Samvel Babayan boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi navbatdagi yig‘inini 20 avgust kuni boshlaydi.

Eslatib o‘tamiz, JCh–2018 turnirining uchinchi saralash bosqichida O‘zbekiston milliy terma jamoasi “A” guruhidan joy olgan bo‘lib, Eron, Janubiy Koreya, Suriya va Xitoy terma jamoalariga qarshi bahs yuritadi. Milliy termaning uchinchi saralash bosqichidagi birinchi o‘yini 1 sentabr kuni Toshkentda, Suriya terma jamoasiga qarshi o‘tkaziladi.

Top