10:47 / 05.08.2016
10020

O‘zbekistonga gazsiz mineral suvning kirib kelishi qanday kechgan

“Korzinka” supermarketlari rahbari Zafar Hoshimov o‘zining Facebook’dagi sahifasida O‘zbekistonga gazsiz suvlarning kirib kelish jarayonini xotirlaydi. U 1994 yilda ro‘y bergan voqeani yodga oladi. 

 “Angliyada o‘qishni tugatib, Toshkentga qaytayotganimda samolyotda yaqindagina ochilgan UzBAT kompaniyasining britaniyalik xodimi menga hamroh bo‘ldi. U bizning krandagi suvimizga ishonmasligidan shikoyat qilib, o‘zi bilan birga choy va kofe damlash va (diqqat!) tishlarini tozalash uchun ikki chemodan gazsiz suv olib ketayotganini aytdi. Keyinchalik men deyarli barcha ekspatlar shunday qilishini bildim. O‘shanda menda birinchi marta Yevropaning gazsiz suvini PET qadoqda O‘zbekistonga keltirish g‘oyasi paydo bo‘lgandi. O‘sha yilning noyabr oyida biz Fransiyadagi Roxane manbasidan Cristaline suvlarining ilk konteynerini olib keldik”, - deydi tadbirkor. 

Ha, bu mamlakatimizdagi ilk mineral gazsiz suv tijorat partiyasi edi. O‘sha paytda Zafar Hoshimovning do‘stlari va qarindoshlari uning nima uchun “suv quvurida tayyor oqib turgan oddiy suv”ni keltirganiga ajablanishgan. U paytlar mineral suv deganda faqat gazli suv tushunilar edi. 

Tadbirkor Fransiyadan keltirilgan gazsiz mineral suvining ilk sotuvlarini “O‘zbekiston” mehmonxonasining 16-qavatidagi restoranida hamda hozirgi Tata mehmonxonasining qarshisidagi Iverson do‘konida yo‘lga qo‘ygan. Ular dastlab sinov uchun bir necha quti olib qolishgan, lekin ikki hafta o‘tibdi hamki, ulardan darak bo‘lmagan. 

Tadbirkor bundan biroz xafa bo‘lib turgan vaqtida Iverson do‘konidan ikki kishi kelib, yana 800 quti yarim litrlik mineral suv sotib olishlarini aytishgan. Bu deyarli 10 000 butilka yoki konteynerning yarmidan ko‘prog‘i deganidir. Ularni xarid qilgan do‘kondorlar ikki haftadan keyin yana shuncha tayyorlab qo‘yishni so‘rab ketishgan. Ikki oydan so‘ng sotuvlar oyiga 20 konteynergacha o‘sdi. 

“Biroq bu biznes uzoqqa cho‘zilmadi, - deydi Zafar Hoshimov. – 1995 yilning boshida Andijonda birinchi mahalliy gazsiz mineral suv Tyan-Shan brendi ostida PET butilkalarda ishlab chiqarila boshladi. Mening shaxsiy fikrimcha hamda xorijliklarning fikricha, bu mineral suvi ajoyib edi. Cristaline  suvining muvaffaqiyati Tyan-Shan suvini ishlab chiqarishga ta'sir ko‘rsatganiga hali-hanuz ishongim keladi”. 

Bu shunchaki quruq gaplar emas, albatta. Atrofdagi insonlarning gaplariga e'tiborli bo‘ling, zero ulardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, o‘zingiz uchun biror yangilik kashf qilsangiz, ajab emas. Omadli insonlarning bu kabi ibratli hikoyalari yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishi shubhasiz.

Top