23:23 / 06.08.2016
4208

AQShda iyun va iyul ichida avvalgi 8 oydagidan ko‘proq suriyalik qochqin qabul qilindi

Foto:townhall

AQSh 2016 yilning iyun va iyul oylari ichida avvalgi 8 oydagidan deyarli 2 barobar ko‘proq qochqinlar qabul qildi, deb ma'lum qildi AQSh Davlat departamentining qochqinlarning arizalarini qayta ishlash markazi ma'lumotlariga iqtibos keltirgan holda Fox News.

Ta'kidlanishicha, 2015 yilning oktabridan 2016 yilning mayigacha AQSh umumiy hisobda 2805 nafar suriyalik qochqinni qabul qilgan. Bu orada 2016 yilning iyun va iyul oylarida 4721 nafar qochqin qabul qilgan. 

AQSh suriyalik qochqinlarni 2015 yil oktabridan qabul qilishni boshlagan. Mamlakat prezidenti Barak Obama bu qarorni ijobiy qabul qilgan, biroq hamma shtatlar ham bunga birdek munosabat bildirishmagan, ulardan ba'zilari suriyalik qochqinlarni qabul qilishdan bosh tortgan.  

AQSh respublikachilari Obamani bunday qaror uchun tanqid qilishgan va suriyalik qochqinlarni qabul qilishni chegaralashni talab qilishgan.

AQSh prezidenti lavozimiga nomzod Donald Tramp ayni vaqtda AQShga qochqinlarni qabul qilishni cheklash kerakligini, chunki ular orasida terrorchilar bo‘lishi mumkinligini ko‘plab aytib keladi. Tramp suriyaliklarga boshqacha yo‘llar, misol uchun, Suriyada xavfsiz hududlar qurish bilan yordam berish kerakligini aytgan.

Top