19:49 / 06.08.2016
18911

Olimpiya o‘yinlari tarixidagi eng ulkan natijalar

Uzoq kutilgan Rio Olimpiadasining ham ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi va rasman sport musobaqalariga start berildi. Aytish mumkinki, jahon afkor ommasining deyarli butun diqqat e'tiborini qaratadigan yirik anjumanlardan biri aynan Olimpiya o‘yinlaridir. Har bir musobaqada xotiramizda yillab saqlanib qoladigan ulkan bir natija qayd etilishi esa, ushbu sport o‘yinlarini yanada maftunkor qiladi. Keling, Olimpiya o‘yinlaridagi ulkan natijalarni yana bir bora yodga olamiz. Ular, Olimpiya o‘yinlari tarixida allaqachon zarhal harflar bilan bitib qo‘yilgan. 

Useyn Boltning Pekin-2008 Olimpiya o‘yinlaridagi 100 metrlik masofaga yugurishi finali.

Pekin Olimpiadasining yorqin yulduzlaridan biri bo‘lgan yamaykalik sportchi Useyn Bolt 100metrlik masofaga yugurish bo‘yicha 9.69 soniyalik natija ko‘rsatib jahon rekordini yangilagan edi. 2012-yilgi London Olimpiadasida ham oltin medalni qo‘lga kiritgan Bolt Riodan ham quruq qaytish niyatida emas. 

Maykl Felps. Ha, uni suv havzasining hozirgi paytdagi qiroli deyish, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Amerikalik suzuvchi Maykl Felps ham Pekin Olimpiadasining yulduzli kashfiyotlaridan biridir. U, bir Olimpiada doirasida 8ta medalni qo‘lga kiritib, haqiqiy shov-shuvga sabab bo‘ldi. Maykl  sakkizinchi oltin medalini jamoasi bilan birga 4×100metrga estafeta bo‘lib suzish orqali qo‘lga kiritdi. Shu bilan birga, ular jahon rekordini yangilashdi: 3 daqiqa 29.34 soniya. Bundan tashqari, o‘z faoliyati davomida 22ta medalni qo‘lga kiritgan Felps Olimpiya o‘yinlarining eng ko‘p sovrin olgan ishtirokchisi hamdir. Biroq, u Rioda o‘z medallari sonini yana oshirmoqchi.

Bob Bimonning ajoyib sakrashi shunisi bilan e'tiborliki, u Mexiko Olimpiadasidagi natijasi bilan o‘zidan keyingi bir necha avlodni dog‘da qoldira oldi. Gap shundaki, odatda, jahon va Olimpiya rekordlari soniyalarning yuzdan bir necha lahzasi va santimetrlarda o‘zgartiriladi. Ammo, Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini zo‘rg‘a qo‘lga kiritgan Bob 1968-yil Mexikoda bo‘lib o‘tgan Olimpiadada uzunlikka sakrash bo‘yicha jahon rekordini oz emas, ko‘p emas, 55 smga o‘zgartirib, 8.90 metrlik natijani o‘z nomiga muhrlab qo‘ydi. Bu rekordni esa, 1991-yili amerikalik Maykl Pauelgina o‘zgartira oldi, biroq, hamon sport natijasi borasida keskin o‘zgarish qayd etilsa, “bimoncha” deya ta'riflanadi. 

Milliy basketbol assotsiatsiyasi yulduzlaridan tarkib topgan AQShning “orzular jamoasi”ni, 1992-yilgi Barselona Olimpiadasida ko‘rsatgan jasorati bois, qachonlardir Olimpiya o‘yinlari tarixida har qanday sport turida shakllantirilgan eng kuchli jamoa deyish mumkin. Cheksiz iqtidorli, Maykl Jordan, “sehrgar” Jonson va Larri Berd o‘z jamoadoshlari bilan Olimpiadaning oltin medallari tomon ajoyib o‘yinni namoyish etishdi. 

Ta'kidlash kerakki, Olimpiya o‘yinlarida yuz berib turadigan ayrim ajoyib vaziyatlar, oltin medalni yutishdan ham ko‘ra zavq-shavq uyg‘otadi. Xususan, 1992-yilgi Barselona Olimpiadasida Buyuk Britaniya sha'nini himoya qilgan Derek Redmondning finish chizig‘ini bosib o‘tishi achinarli hissiyotlarga to‘la. U, 400metrga yugurish vaqtida sonidan jarohat olgach, yo‘lakni tark etmadi va maydonga yugurib chiqqan otasi ko‘magida finishni kesib o‘tdi. 

Ruminiyalik gimnastikachi qiz Nadya Komanechining 1976 yilgi Monreal Olimpiadasida qo‘lga kiritgan 10 ballik natijasi hamon ayol gimnastikachilar orasidagi eng yuksak natija bo‘lib turibdi. 14 yoshli sportchi qiz qo‘shturniklardagi ijrosi uchun gimnastika tarixidagi eng yuqori ballga munosib ko‘rildi. U, Monrealdagi chiqishida 7 marta 10 ballga loyiq ko‘rilgan bo‘lsa, 1980-yilgi Moskva Olimpiadasida 2 marta shunday natijani qayd eta oldi.

 

Jyesse Ouens 1936-yili Berlin Olimpiadasida 4ta oltin medalni qo‘lga kiritgan edi. Ammo, asli afroamerikalik bo‘lgan Ouensning bu natijasi uning boshqa bir xizmati oldida unchalik ham ahamiyatli emasdek, go‘yo. U, natsistlar Germaniyasi tarkibida ishtirok etib, oltin medalga sazovor bo‘lgan va o‘sha vaqtda Germaniya yetakchisi Gitlerning oliy irq to‘g‘risidagi iddaolarini sport vositasida inkor etgan edi.

Keti Frimen Sidney Olimpiadasida vatani sharafini munosib himoya qilib, Olimpiya o‘yinlari tarixida Avstraliya tubjoy aholisi – aborigenlar vakilining ilk oltin medalini qo‘lga kiritdi. 

Stiven Redgreyv beshinchi Olimpiya oltin medalini o‘z faoliyatidagi beshinchi Olimpiya musobaqasida qo‘lga kiritgan yagona sportchidir. Ha, u beshta Olimpiadaning har birida shohsupaning birinchi pog‘onasiga ko‘tarilgan sportchidir. Redgreyv ilk medalini 1984-yilda Los-Anjyelesda qo‘lga kiritgan bo‘lsa, oxirgisini Sidney Olimpiadasida yutib oldi. 

Efiopiyalik marafonchi Abebe Bikila, mashg‘ulotlar chog‘ida o‘zi ko‘nikib qolgan eski sport poyabzali yirtilgach, yangisi ma'qul kelmagani bois, yalangoyoq g‘olib chiqqan sportchi hisoblanadi. U, 1960-yilgi Olimpiya musobaqalarida Rim ko‘chalarini yalangoyoqda yugurib o‘tib, sharqiy Afrika mintaqasining birinchi Olimpiya oltin medalini qo‘lga kiritgan edi. 

Tanzaniyalik Axvari Mexiko Olimpiadasida o‘zining ajoyib irodasini namoyish eta olgan sportchilardan biri hisoblanadi. Jon Stefen Axvari marafon boshlanishi chog‘ida havodagi namgarchilik sababli mushaklaridagi og‘riqlarga qaramay, musobaqada qatnashgan, ammo masofaning yarmiga kelganida qulab tushgan va og‘ir jarohat ham olgandi. Ammo, shunga qaramay, u taslim bo‘lmadi va garchi barcha sportchilar finish chizig‘ini ancha avval kesib o‘tganiga qaramay, musobaqani tark etmadi va finish chizig‘ini bosib o‘tdi. Uning jurnalistga aytishicha, Tanzaniya uni marafonni boshlash uchun emas, balki yakunlash uchun yuborgan. 

Buyuk Britaniya termasining oltin haftaligi 2012-yilgi London Olimpiadasi chog‘ida qayd etildi. Jamoa 24 soat ichida 3ta oltin va boshqa medallarni qo‘lga kiritgan edi.

Top